14-10-2025 11:20
O‘zbekiston milliy jamoasi 13 oktyabr kuni Malayziyada Urugvay bilan o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazib, 1:2 hisobida yutqazdi.
Bosh murabbiy Fabio Kannavaro bahsdan keyin o‘z fikrlarini aytdi.
- Afsuski bu o‘yinda 9 futbolchimiz jarohat tufayli qatnasha olmadi. Men uchun barcha futbolchilarni ko‘rikdan o‘tkazish muhim edi, ular bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish, ko‘proq narsalarni yaxshilashga harakat qilish. Ularning ishtiyoqidan, harakatlaridan juda xursandman. Oson emas edi, chunki 2 kun oldin uchib keldik, yaxshi hordiq chiqarish ham qiyin bunday vaziyatda. Lekin juda yaxshi o‘yin o‘tkazdik, dedi Kannavaro.
- Albatta bunday o‘yinlarda gol urish muhim. Oldinroq ham gol ursak bo‘lardi, 2-3 ta yaxshi vaziyat bo‘ldi. To‘psiz o‘yin juda yuqori tempda bo‘ldi. To‘p bilan yaxshi g‘oyalarni amalga oshirishga urindik. Urugvayni qiyin vaziyatga tushirish osonmas, ular juda aqlli, ko‘pchiligi dunyo bo‘ylab yuqori ligalarda to‘p tepadi.
- O‘tgan ikkita o‘yindan keyin xursandman, qo‘limda juda yaxshi jamoa bor. Lekin biz uni yanada yaxshilashimiz kerak.
- Bizda (jahon chempionatigacha) 8 oy vaqt bor, jismoniy holatimizni yaxshilash uchun. Lekin bu faqat mashg‘ulotga bog‘liqmas, ko‘p narsaga bog‘liq: ovqatlanish, uxlash, kundalik mashg‘ulotlar. Biz jahon chempionatiga bosqichma-bosqich tayyorlanishimiz kerak, chunki qiyin bo‘ladi.
- Milliy jamoa noyabr oyida ikkita o‘yinga kelishgan, bu Dubayda bo‘ladi. O‘zbekistonda qolib, milliy chempionat o‘yinlarini kuzataman, mashg‘ulotlarga boraman, futbolchilar bilan ko‘rishaman, murabbiylar bilan tanishaman. Milliy jamoa murabbiyining ishi shundan iborat.
- Albatta vaqtimiz bor, biz ko‘plab futbolchilarni kuzatishimiz kerak. Faqat milliy jamoaga kelayotganlarni emas, chempionatda ham yaxshi ishtirok etayotganlarni kuzataman. Iloji boricha ularni (yig‘inlarga) chaqirib, chunki ularni maydonda ko‘rish boshqa, TV orqali ko‘rish boshqa.
- O‘tkazib yuborgan gollarimiz? Birinchisi menimcha ofsayd edi, ikkinchisida raqibga juda ko‘p bo‘sh joy qoldirdik. Ba’zan jarima maydoni ichida jipsroq o‘ynash kerak. Lekin yuqori darajadagi jamoalarga qarshi o‘yinlarda xatolarni kamaytirish lozim. Albatta e’tibor, konsentratsiya juda muhim. Tanaffusda ham aytdim, ilk 15 daqiqada ehtiyot bo‘lishni. Chunki birinchi taymda yaxshi o‘ynab, tanaffusdan keyin xotirjam maydonga chiqsak, muammo bo‘ladi, raqib bizni aynan shunday jazoladi.
- Futbolchilarim ikkinchi taymda sal kayfiyati yo‘qdek ko‘rindi. Lekin ularga motivatsiyani oshirish kerakligini aytdim, o‘yinni dinamikasini o‘zgartirish bo‘yicha gapirdim. Albatta oxirda yaxshi o‘ynadik, bir gol urdik, yana gol urishga harakat qildik. Men xursandman, har bir futbolchi bor kuchi bilan o‘ynayapti, bu juda muhim edi, dedi Kannavaro.