Xususan, Oʻzbekiston futzal milliy terma jamoasi mundialdagi oʻta omadsiz ishtirokdan soʻng 100 reyting ochko yoʻqotib, 10 pogʻona pastladi. Toʻrt yillikning eng nufuzli musobaqasidan avval terma jamoamiz 11-oʻrinda ketayotgan edi. Ammo yangilangan reytingda Oʻzbekiston futzal terma jamoasi 21-oʻrinda qayd etildi. Afsuski, butun reytingda faqat bizning terma jamoamiz eng koʻp ochko va oʻrnini boy bergan.
Osiyo jamoalarini oʻzini hisoblaganda termamiz bir pogʻona pastga tushib, 4-oʻrinda bormoqda. Garchi Jahon chempionatida qatnashmagan boʻlsa ham, Yaponiya terma jamoasi vakillari oʻrtoqlik uchrashuvlaridagi gʻalabalar sababli 8 ochko jamgʻarib, qitʼada 1 pogʻona, dunyo reytingida esa 2 oʻringa koʻtarilib oldi va aynan Osiyo qitʼasida bizni quvib oʻtdi.
Markaziy Osiyo mintaqasida hozircha bizga teng keladigani yoʻq. Afgʻoniston umumiy reytingda 30-oʻrinni(qitʼada 6) band etgan boʻlsa, Tojikiston 42(10), Qirgʻiz Respublikasi 43(11), Turkmaniston 66(17) oʻrinlarda borishmoqda.
Garchi Osiyo qitʼasiga kirmasa-da, yana bir yon qoʻshnilarimiz Qozogʻiston terma jamoasi mundialda ancha yaxshi ishtirok etib, umumiy jadvalda 3 pogʻona yuqoriga koʻtarilib oldi. Shuningdek, oʻz hisoblariga qimmatli +77 ochkoni qoʻshib qoʻydi. Qozogʻiston bu natijalari evaziga jahon reytingida 8-oʻrindan 5-oʻringa qadar yuqorilashga muvaffaq boʻldi.
Ayollar reytingida esa, Farrux Zokirov boshchiligidagi qizlarimiz oʻtgan oy yakunlariga koʻra +23 ochko ishlab oldi va +7 oʻringa koʻtarilib, umumiy reytingda 18-pogʻonaga joylashdi. Bu Osiyo qitʼasida bizni 5-oʻringa chiqib olishimizga zamin yaratdi.