07-10-2025 11:58
Osiyo futbol konfederatsiyasining (OFK) tartib-intizom qo‘mitasi 2–3 oktyabr kunlari qabul qilgan qarorga ko‘ra, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) 340 ming AQSH dollari miqdorida jarimaga tortildi. Bu haqda tashkilotning rasmiy saytida xabar berildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jarima 10 iyun kuni «Bunyodkor» stadionida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston – Qatar uchrashuvida qator qoidalar buzilgani uchun qo‘llanilgan. Asosiy sabab sifatida o‘yin tugagach, maydonga futbolchilar uchun mukofot sifatida BYD rusumidagi avtomobillar olib kirilgani ko‘rsatilgan.
OFK reglamentiga ko‘ra, har bir mezbon mamlakat stadion ichida va atrofida faqat konfederatsiyaning rasmiy homiylari logotiplarini namoyon etishi mumkin. Boshqa tijoriy brendlarning reklama materiallari yoki mahsulotlarini maydon hududiga kiritish qat’iyan man etiladi.
Shu qoidaga amal qilinmagani uchun O‘FA’ga yirik miqdorda jarima solindi. Mutaxassislar ta’kidlashicha, agar o‘sha kuni futbolchilarga faqat kalitlar topshirilganida, ushbu mablag‘ni yo‘qotish ehtimoli bo‘lmas edi.
Shu bilan birga, ekspertlar bu jarima O‘FA moliyaviy imkoniyatlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmasligini qayd etmoqda. Ularga ko‘ra, xorijlik murabbiyga bir necha million yevro to‘lay oladigan tashkilot uchun 340 ming dollar katta yo‘qotish hisoblanmaydi.