07-10-2025 10:16
Hindistonning Nyu-Dehli shahrida para yengil atletika bo‘yicha jahon chempionati o‘z nihoyasiga yetdi. Musobaqada dunyo bo‘ylab 109 davlatdan 1400 ga yaqin sportchi ishtirok etdi. O‘zbekiston terma jamoasi mazkur nufuzli musobaqada jami 12 ta medal — 5 ta oltin, 5 ta kumush va 2 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi.
Jamoa medallar jamg‘armasida umumiy hisobda 14-o‘rinni egalladi. Birinchi o‘rin Braziliyaga, ikkinchi o‘rin Xitoyga, uchinchi o‘rin esa Eronga nasib etdi.
Oltin medallar Yoqutxon Xolbekova (T12, uzunlikka sakrash), Jasur Xo‘jayev (F32, yadro uloqtirish), Karomat Omonova (F46, yadro uloqtirish), Faxriddin Xamrayev (T12, 400 m) va Temurbek Giyazovga (T64, balandlikka sakrash) nasib etdi. Karomat Omonova 13,07 metr natija bilan Osiyo rekordini ham yangiladi.
Kumush medallar Kubaro Hakimova (F41, yadro uloqtirish), Shahina Yigitaliyeva (F46, nayza uloqtirish), Yorqinbek Odilov (F57, nayza uloqtirish), Bobur Omonov (F41, yadro uloqtirish) va Madina Muhtorovaga (F40, yadro uloqtirish) berildi. Muhtorova ham 8,99 metr natija bilan yangi Osiyo rekordini o‘rnatdi.
Bronza medallar esa Tolibboy Yo‘ldoshev (F37, yadro uloqtirish) va Navro‘za Ahmatovaga (F41, disk uloqtirish) nasib etdi. Ahmatova 28,83 metr natija bilan kontinent miqyosidagi rekordni yangiladi.