22-09-2025 11:01
O‘zbekistonda yengil sanoat sohasini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Prezidentning 2025-yil 19-sentyabrdagi PF–174-sonli farmoni qabul qilindi. Hujjatga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi huzurida Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Agentlik to‘qimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik yo‘nalishlarida ustuvor strategiyalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bilan shug‘ullanadi. Ushbu yangi tuzilma sohada davlat siyosatini muvofiqlashtiruvchi asosiy organ sifatida faoliyat yuritadi.
Farmon bilan Agentlik qoshida Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ham tashkil etiladi. Jamg‘arma orqali sohadagi korxonalar moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi.
Jumladan, 2025-yil 1-oktyabrdan boshlab xalqaro brendlarni jalb qilish, mahsulotlarni sertifikatlash va moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlarga o‘tkazish xarajatlari qoplanadi. Shuningdek, eksport shartnomalari bo‘yicha sug‘urta sarflari va mutaxassislarni tayyorlash uchun grantlar ajratiladi.
Farmon xorijiy bozorlarga chiqishni osonlashtirishni ham nazarda tutadi. Savdo uylarini ochish va saqlash, reklama kampaniyalari o‘tkazish, shuningdek, chet elda ofis va ombor binolarini ijaraga olish xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplanadi.
Bu islohotlar yengil sanoatda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi kutilmoqda.