28-06-2025 12:10
Tadbir avvalida O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov davlatimiz rahbarining Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tabrigini o‘qib eshtittirdi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva yurtboshimizning tegishli Farmoniga muvofiq davlat mukofotlari bilan taqdirlangan soha vakillariga yuksak unvonlarni tantanali topshirdi.
"Oltin qalam" madhiyasi yangragandan so‘ng, so‘zga chiqqan O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov o‘tgan bir yil davomida jurnalistik, media, foto va tasvirga olish faoliyati bilan jamiyatdagi muhim va dolzarb mavzularni, turli soha va tarmoqlardagi islohotlar, O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy jarayonlarni xalqaro miqyosda yoritishda, tahlil qilishda va axborot yetkazishda faol bo‘lgan turli OAV yo‘nalishi vakillari, soha mutaxassislari, blogerlarning ijodiy ishlari hakamlar hay’ati, ekspertlar tomonidan puxta va atroflicha o‘rganilib baholanganini qayd etdi.
Yilda bir marotaba o‘tkaziladigan ushbu tanlov doirasida bu gal ham turli yo‘nalishlar bo‘yicha saralangan ijodkorlar, jurnalistlar, operatorlar va fotograflar munosib rag‘batlantirildi.
Joriy yilda "Oltin qalam" Gran-pri sovrindori – "Gulxan" jurnali tahririyati bo‘ldi. Ularga Prezident sovg‘asi – Oniks avtomobili sovg‘a qilindi.
"Oltin qalam" milliy tanlovi nafaqat ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, balki turli va har yili yangi yo‘nalishlarda nomzodlarni rag‘batlantirish, ommaviy axborot sohasidagi muhim islohotlarni keng yoritishda muhim platforma sifatida xizmat qiladi.