26-06-2025 08:42
Bu jarayon o‘zbekistonlik opera xonandalari o‘rtasida ilk marotaba kuzatilayotgani quvonarlidir.
“Har 2 yilda bir marotaba Milanning “La Skala” teatri dunyodagi iste’dodlarni saralaydi va 2 yillik shartnoma asosida ishga qabul qiladi, men ushbu tanlovda qatnashish uchun 6 yil tayyorgarlik ko‘rdim, hozir juda hayajondaman, meni tanlashganidan judayam xursandman” – deydi taniqli opera xonandasi Aqlbek Piyazov.
Ma’lumot o‘rnida, saralash jarayonida butun dunyodan 800 nafar opera xonandalari hujjat topshirishgan bo‘lib, shundan so‘nggi saralash bosqichida O‘zbekiston, Latviya, Qozog‘iston, Italiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Chili, Xitoy davlatlaridan jami 12 nafar opera xonandalari tanlab olindi. Shundan, O‘zbekiston vakili sifatida taniqli opera xonandasi Aqlbek Piyazov ham ushbu saralash bosqichidan o‘tdi va u bilan 2 yillik shartnoma tuzildi.
Ta’kidlash joizki, mustaqillik yillarida opera yo‘nalishida O‘zbekistonda ilk marotaba ushbu jarayon kuzatildi.
“Quvonarlisi shuki, endi o‘zbekistonlik operachilarga qiziqish ortadi va bizni iste’dodlar bilan ishlash uchun shartnoma tuzishga bo‘lgan talab va takliflar bo‘ladi. Bu nima degani bilasizmi? O‘zbekiston opera san’ati jahon arenasidan yangray boshlaydi. Tasavvur qilishingiz uchun sizga misol keltiraman, bizning mashhur futbolchilarimiz Eldor Shomurodov va Abduqodir Husanovlarni dunyodagi eng reytingi yuqori klublar ishga taklif qilib, ma’lum muddatga shartnoma qilishgan. Aqlbek Piyazov bilan ham xuddi shunday shartnoma tuzilgan, faqat bu sport yo‘nalishida emas, balki madaniyat yo‘nalishida. Bu juda katta natija, hatto men ham Milanning “La Skala” opera va balet teatrida malaka oshirishni orzu qilganman” - deydi O‘zbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazov.
Eslatib o‘tamiz, “La Skala” – Milandagi opera teatri, jahon opera san’atining yirik markazlaridan biridir. Binosi “Santa Mariya della Skala” cherkovi o‘rnida 1776—1778 yillari qurilgan. Repertuarining asosini italyan kompozitorlarining operalari tashkil etadi: “La Skala” teatrida Domeniko Chimaroza, Luiji Kerubini, Jiachino Rossini, Gaetano Donitsetti, Vinchenzo Bellini, Juzeppe Verdi, Jakomo Puchchini va boshqa italyan kompozitorlarining asarlari ilk bor sahnalashtirilgan. Shu bilan birga Yevropa kompozitorlari Sh.Guno, R.Vagner, P.Chaykovskiy, M.Musorgskiy, R.Shtraus, K.Debyussi, M.de Falya, L.Yanachek, D.Shostakovich, F.Pulenk va boshqalarning asarlari qo‘yiladi. Ayni vaqtda har yili sentabr-noyabr oylarida simfonik konsertlar ham uyushtiriladi.
“La Skala”da Italiya va Yevropaning eng mashhur xonandalari: J.Pasta, M.Malibran, A.Patti, M.Battistini, E.Ka-ruzo, F.Shalyapin, L.Sobinov, T.Ruf-fo, T.Del Monte, M.Kallas, N.Gyaurov, L.Pavarotti, dirijyorlari: A.Toskanini, K.Abbado, G.Karayan faoliyat ko‘rsatgan. 1955-yilda “Pik-kola Skala” (“Kichik skala”) deb nomlangan filiali ochilgan bo‘lib, unda xonanda va raqqosalar maktabi tashkil etilgan. “La Skala” teatrida butun dunyo, shu jumladan, o‘zbek opera xonandasi R.Iminjonova (1965-yil) o‘z malakasini oshirgan. “La Skala” xonandalari Dizmi di Chekko va M.Gulelmi O‘zbekistonda gastrolda bo‘lishgan.