18-09-2025 12:57
Rossiya Federatsiyasi va qo‘shni mamlakatlarda o‘tkir respirator infeksiyalarning (O‘RI) sezilarli mavsumiy ko‘tarilishi fonida aviaqatnovlar, mehnat migratsiyasi, xizmat safarlari orqali O‘zbekistonga kasallikning chetdan kirib kelishi va tarqalish xavfi mavjud. Bu haqda Sanepidqo‘mita ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, O‘RI bilan kasallanish ko‘rsatkichlari epidemik bo‘sag‘adan (ko‘p yillik kasallanish ko‘rsatkichidan) 36,5 foizga pastligi kuzatilmoqda.
«O‘zbekiston Respublikasida o‘tkir respirator infeksiyalar bo‘yicha epidemik vaziyat muntazam nazorat qilib borilmoqda. Gripp va O‘RI viruslarining aylanishini aniqlash maqsadida virusologik tadqiqotlar o‘tkazilmoqda. Sanepidqo‘mita tasarrufidagi 15 ta virusologiya laboratoriyalarida gripp va grippga o‘xshash kasalliklarni tashxislash amalga oshirilmoqda. O‘RI kasallanish ko‘rsatkichlari epidemik bo‘sag‘adan (ko‘p yillik kasallanish ko‘rsatkichidan) 36,5%ga pastligi kuzatilmoqda»,- deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, mamlakatda kasallanishni yoshma-yosh tahlil qilinganda eng yuqori ko‘rsatkich 0 — 1 yoshdagi bolalar o‘rtasida uchramoqda. Hozirgi vaqtda respublikada gripp va O‘RI bo‘yicha epidemik vaziyat barqaror va Sanepidqo‘mita tomonidan nazoratga olingan.