09-09-2025 10:35
Joriy yilda O‘zbekistonda bog‘cha o‘rinlarini qo‘shimcha 182 mingtaga ko‘paytirish rejalashtirilgan. Ularning 82 mingi yangi qurilayotgan bog‘chalar hissasiga to‘g‘ri kelishi kerak. Biroq qolgan o‘rinlarni qanday yo‘l bilan ta’minlash masalasi mahalliy hokimliklar tomonidan yetarlicha hisobga olinmagani bugungi yig‘ilishda Prezident tomonidan tanqid qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda 118 ta bog‘chadagi 255 ta xona ta’mirga muhtojligi sababli bo‘sh holda turibdi. Shuningdek, 8 ta bog‘chani qurish va ta’mirlash ishlari ikki-uch yildan beri orqada qolmoqda.
Aniq misol sifatida Chimboy, G‘allaorol, Qiziriq va Boysun tumanlaridagi bittadan bog‘cha haligacha ta’mirdan chiqmagani aytildi. Shu bilan birga, Dehqonobod, Sariosiyo, Bo‘stonliq va Nurafshon tumanlarida ham bittadan yangi bog‘cha qurilishi yakunlanmay qolmoqda.
Mutasaddilar 118 ta bog‘chadagi xonalarni ta’mirlab jihozlashi va qurilishi orqada qolgan 8 ta bog‘chani to‘liq ishga tushirishi uchun 1-noyabrga qadar muhlat oldi. Agar bu muddatda vazifalar bajarilmasa, ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.
Qashqadaryo viloyatida xususiy va xorijiy bog‘cha hamda maktab o‘rinlari uch barobarga oshdi
Tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda mamlakat bo‘ylab 80 ta tumanda yangi bog‘cha ochish uchun imtiyozlar e’lon qilindi. Bu mexanizmdan unumli foydalanish orqali bolalar bog‘chasi o‘rinlarini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi.
Qashqadaryo viloyatida so‘nggi ikki yilda xususiy sektor va xorijiy hamkorlar bilan hamkorlikda bog‘cha va maktab o‘rinlari uch barobarga oshgani misol sifatida ko‘rsatildi. Viloyat hokimlariga bu tajribani o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish vazifasi yuklatildi.
Shu bilan birga, har bir tumanda bog‘cha qamrovi kamida 80 foizdan past bo‘lmasligi shartligi belgilandi. Bu maqsadga erishish uchun viloyat va tuman hokimliklariga bo‘sh yer maydonlarini aniqlab, ularni auksionga chiqarish topshirildi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda qaysi maktab va bog‘chada bo‘sh hududlar borligi o‘rganilib, ana shu yerlarda yangi bog‘chalar qurish rejasi ishlab chiqilishi kerakligi ta’kidlandi.
Mutasaddilarga bo‘sh yerlarda bog‘cha tashkil etish bo‘yicha xususiy sheriklik yoki sarmoya kiritish asosida uch yillik dastur qabul qilish topshirildi. Yangi xususiy bog‘chalarga subsidiya berish va tarbiyachilar maoshini qisman qoplash tartibi joriy etilishi belgilandi.
Yangi qurilyotgan uylarning birinchi qavatida bog‘cha ochiladi
Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida xususiy bog‘chalar tashkil etish amaliyoti barcha tumanlarda joriy etilishi belgilandi.
O‘zbekistonda har yili taxminan 2 mingta ko‘p qavatli uy qurilmoqda. Ularning to‘rtdan biri «Yangi O‘zbekiston» massivlarida barpo etilmoqda. Bu kabi massivlarda aholining ehtiyojlarini hisobga olgan holda uylarning birinchi qavatida bolalar bog‘chasi ochish tajribasi yo‘lga qo‘yildi.
Jumladan, Bektemir va Yangihayot tumanlarida 100 o‘rinli xususiy bog‘chalarni uylarning birinchi qavatida tashkil etish amaliyoti qo‘llanilmoqda. Ochiq muloqotda ushbu tajriba barcha tuman va shaharlarda tatbiq etilishi zarurligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, 80 ta tumanda bog‘cha ochish uchun e’lon qilingan imtiyozlar endilikda ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatida bog‘cha tashkil etadigan tadbirkorlarga ham tatbiq etilishi belgilandi. Bu orqali xususiy sektorning ishtiroki kengayishi kutilmoqda.
Bog‘chalarda «Yangi avlod» tarbiya tizimi joriy etiladi
Prezident tarbiyachilar malakasini oshirish va bog‘chalarda yagona metodik yondashuv joriy qilish zarurligini ta’kidladi.
«Qamrovni oshirish uchun barcha sharoit qilib beryapmiz, lekin bog‘chalarga yangi nafas, yangi metodika kirib borishi, tarbiyachilarning salohiyati ham shunga yarasha bo‘lishi kerak», — dedi Prezident.
Yoz mavsumida 118 ming tarbiyachining malakasi oshirilgani ma’lum qilindi. Biroq bu yetarli emasligi sababli yangi o‘quv yilidan pedagogika oliygohlarida «1+5» bakalavr ta’lim shakli joriy etiladi. Unga ko‘ra, tarbiyachilar haftaning bir kuni o‘qishda, qolgan kunlari ishda bo‘ladi. Bu orqali har yili qariyb 10 ming oliy ma’lumotli mutaxassis bog‘chalarda ish boshlashi kutilmoqda.
Shu bilan birga, hozirda xususiy va davlat bog‘chalarida ta’lim-tarbiya sifati uchun yagona metodik yondashuv yo‘qligi alohida ta’kidlandi. Bu esa umumiy samaradorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi.
Muammolarni hal etish maqsadida kelgusi yildan har bir viloyatda tayanch «Yangi avlod» bog‘chalari tashkil etiladi. Ularda tarbiyachilarning pedagogik mahoratini oshirish, yangicha metodik ko‘mak berish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirish vazifasi yuklanadi.