27-10-2025 09:14

Unga ko‘ra, umumta’lim muassasasining rahbar xodimlariga (direktor va uning o‘rinbosarlari) va o‘z faoliyatini soatbay haq to‘lash asosida amalga oshiradigan o‘qituvchilarga Nizomning 20-bandiga muvofiq belgilangan har oylik ustamalar belgilanmaydi.
Xalqaro matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika olimpiadasi – fan olimpiadalarida o‘quvchilari g‘oliblikni qo‘lga kiritgan maktab rahbari (direktor) bundan mustasno.
Baholash metodikasi va tartibi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Ko‘rsatkichlar umumta’lim muassasasining Ichki guruhi tomonidan baholanadi. Baholash ko‘rsatkichlari asosida umumta’lim muassasalari to‘plagan umumiy ballardan kelib chiqib, ushbu umumta’lim muassasasi direktori va uning o‘rinbosarlariga quyidagi miqdorlarda bir kalendar yil (yanvar dekabr oylari) uchun bazaviy tarif stavkalariga nisbatan har oylik ustama belgilanadi:
a) umumta’lim muassasasi direktori:
– 61-70 ball to‘plasa – 3 foiz; – 71-80 ball to‘plasa – 10 foiz; – 81-90 ball to‘plasa – 15 foiz; – 91-100 ball to‘plasa – 20 foiz;
b) umumta’lim muassasasi direktorining o‘rinbosarlari:– 61-70 ball to‘plasa – 2,5 foiz;
– 71-80 ball to‘plasa – 5 foiz;
– 81-90 ball to‘plasa – 7,5 foiz;
– 91-100 ball to‘plasa – 10 foiz.
Direktor yoki direktor o‘rinbosarlariga belgilangan har oylik ustama jamg‘armadagi mavjud mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.
Har oylik ustama belgilanishi uchun direktor yoki direktor o‘rinbosarlari mazkur umumta’lim muassasasida kamida 9 oy davomida asosiy lavozimi bo‘yicha faoliyat yuritgan bo‘lishlari lozim.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi eng tajribali umumta’lim muassasalari direktorlaridan iborat bo‘lgan Direktorlar kengashlarida faoliyat yuritayotgan umumta’lim muassasasi direktorlariga jamg‘arma hisobidan bazaviy tarif stavkalariga nisbatan 20 foiz har oylik ustamalar to‘lanadi.
