09-09-2025 10:34
O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil yanvar–avgust oylarida mamlakatga 42 ming 230 dona yengil avtomobillar olib kirilgan. Ular uchun to‘langan umumiy summa 640,7 mln dollarni tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan kamroq — 2024-yilda 47 ming 928 dona avtomashina 914,7 mln dollarlik import qilingan edi.
Ayniqsa elektromobillar importidagi keskin o‘sish e’tiborga molik. 2025-yilning sakkiz oyida mamlakatga 28 ming 948 dona elektrokar olib kirilgan. Bu 2024-yilning shu davridagi 12 ming 907 dona ko‘rsatkichdan ikki barobar ko‘pdir. Mos ravishda, moliyaviy xarajatlar ham sezilarli oshgan: o‘tgan yilgi 166,7 mln dollarga nisbatan ikki barobardan ortiq — 358,9 mln dollar
Ana shunday o‘sish fonida benzin va hibrid dvigatelli avtomobillar importi esa pasaygan. Benzinda harakatlanuvchi 11 ming 166 dona avto uchun 233,6 mln dollar sarflangan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich 24 ming 995 dona va 541,1 mln dollarni tashkil etgan edi. Hibrid avtomashinalar importi ham 2025-yilda 2025 donani tashkil etib, 46,1 mln dollarlik tushum bilan qayd etildi. Bu esa o‘tgan yilgi 10 ming 017 dona va 192,8 mln dollarlik importdan ancha kamdir.
Shu bilan birga, dizel avtomobillar importida oz bo‘lsa-da o‘sish kuzatilmoqda. 2025-yilda 91 dona dizel motorli avto olib kirilgan bo‘lib, ular uchun 2,1 mln dollar sarflangan. Solishtirish uchun, o‘tgan yil mos davrida faqat 9 tagina dizel avtomashina import qilingan.