08-09-2025 09:48
Tasvirda shu yilning 7-sentyabr kuni Samarqand shahri Universitet xiyoboni Oqsaroy ko‘chasidan Amir Temur maqbarasiga qarab kirish yo‘lining o‘ng tomonidagi uch tup daraxt kesilganini ko‘rish mumkin.
Samarqand viloyat hokimligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, bundan bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlarda «Shahardagi xatarli yoxud e’tiborga muhtoj daraxtlar» sarlavhasi ostida murojaat tarqalgan.
Unda chirib, yiqilish xavfi yuqori bo‘lgan daraxtlar haqida ma’lumot berilgan. Ushbu murojaat Samarqand viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari ishtirokida tuzilgan Ishchi guruhi tomonidan o‘rganilib, uch tup chinor daraxti tashqi ta’sirlar natijasida hozirgi kunda o‘zining mustahkamlik holatini yo‘qotganligi, tanasida g‘ovaklar paydo bo‘lib, yo‘l tomonga 40 darajaga og‘ib qolishi oqibatida insonlar hayoti uchun xavflilik darajasi yuqori bo‘lib qolganligi aniqlandi.
Samarqand viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Samarqand viloyat boshqarmasining tegishli xulosalariga ko‘ra mazkur daraxtlarni insonlar hayoti va mol-mulkiga ziyon yetkazish darajasi yuqori bo‘lgani hisobga olingan holda daraxtlar kesilib, o‘rniga yangidan xuddi shunday chinor daraxtlari ekilgan.