04-09-2025 10:50
Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mita raisi Qutbiddin Burxonov yalpi majlislarda aholini tashvishga solayotgan muammoli masalalarning ko‘tarilayotgani muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladi. Eng muhimi, ular yechimiga Hukumat, mas’ul vazirlik va idoralar e’tibor qaratmoqda. Biroq, bunday masalalarning sezilarli darajada kamaymayotgani, mas’ullar esa, to jamoatchilik bong urmaguncha, ularga e’tibor qaratmayotgani tashvishli.
– Mana yana bir misol: keyingi paytda mobil aloqa operatorlari tomonidan abonentlarning roziligisiz, xabardorligisiz pullik SMS va xizmatlarga ularni avtomatik tarzda ulash holatlari ko‘plab kuzatilmoqda, – dedi Q.Burxonov. – Oqibatda fuqarolar hisobidan ularning roziligisiz mablag‘ yechib olinyapti. Shu bois, qo‘mitamiz pullik SMS va xizmatlarga avtomatik tarzda ulash holatlarining kelib chiqish sabablari va bunga shart-sharoit yaratayotgan omillarni dastlabki tarzda o‘rganib chiqdi. Ma’lum bo‘ldiki, 2025 yil 1 yanvar holatiga mobil aloqa abonentlari soni 36 million nafardan ortgan. Bu abonentlarga yuqorida qayd etilgan pullik xizmatlar mobil aloqa operatorlari tomonidan emas, balki kontent provayderlar tomonidan ko‘rsatiladi va ularning soni hozirda 100 dan oshib ketgan. Aksariyat kontent provayderlarning xizmatlari telekommunikatsiya kompaniyalari bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalariga asosan ko‘rsatilmoqda. Biroq, amalda bu shartnomalar uchun haq abonentning telefon raqamidagi hisob-raqamidan uning roziligisiz yechiladi. Eng qizig‘i, bir marotaba xizmatga ulanib qolgan abonentdan har kunlik, har oylik mablag‘lar asosiy hisobdan yechib olinmoqda.
O‘rganish natijasida shunday xulosaga kelinganki, kontent xizmatiga ulanish juda oson, xizmatni bekor qilish esa, juda murakkab jarayon bo‘lib qolayotgani ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari, hozirda foydalanuvchilarga kontent provayderlari tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlar yo‘nalishini tartibga soluvchi alohida normativ-huquqiy hujjat mavjud emasligi aniqlangan.
Shu bilan birga, mobil aloqa abonentlariga beriladigan litsenziya talab va shartlarida ham kontent provayderlar uchun alohida band kiritilmagan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga 2024 yilda iste’molchilardan mobil aloqa xizmatlari bilan bog‘liq masalalarga tegishli 1 ming 199 murojaat kelib tushgan. Ularni ko‘rib chiqish natijasida iste’molchilar foydasiga 683,2 million so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.
– Endi savol tug‘iladi, huquqiy bo‘shliqlar yoki boshqa sabablar oqibatida odamlar, ya’ni, abonentlar ko‘rayotgan zararlar uchun kim javob berishi kerak? Bizningcha, bu muammoga Hukumat darajasida yechim topish lozim. Aks holda, go‘yoki arzimasdek tuyulgan, ammo, fuqarolarning milliardlab so‘m pulini ularning ixtiyorisiz ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun so‘ramay-netmay olib qo‘yaverish katta muammoga aylanib, qonunbuzarliklarga yanada keng yo‘l ochadi. Chunki, takror aytaman, bunday muammolar aholining kayfiyatiga salbiy ta’sir qiladi. Shu bois, normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqishda qo‘mitamiz ham mutasaddilar bilan birga ishlashga tayyor ekanini bildiraman, – dedi Q.Burxonov.