02-09-2025 07:53
O‘zAning ma’lum qilishicha, 1-sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan madaniy tadbirlar doirasida O‘zbekiston prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva, Xitoy raisining rafiqasi Pen Liyuan, Turkiya birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘on, Ozarbayjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva, Mo‘g‘uliston birinchi xonimi Luvsandorj Bolorsetseg, Armaniston bosh vaziri rafiqasi Anna Akopyan, Nepal bosh vaziri rafiqasi Radxika Shakya va Kambodja bosh vaziri rafiqasi Pich Chanmoni bilan birgalikda Xayxe daryosi bo‘ylab teploxodda sayr qildi.
Buyuk Xitoy tekisligi bo‘ylab oquvchi Xayxe daryosi shahar tarixida muhim rol o‘ynagan. Turli davrlarda daryoning etagida poytaxtni himoya qilish uchun mo‘ljallangan qal’alar qurilgan. Birinchi xonimlar ushbu qal’alarni ko‘zdan kechirdi. Mehmonlar uchun sahnalashtirilgan tomosha ham tashkil etildi. Madaniy meros, an’anaviy san’at va tarixni asrab-avaylash muhimligi alohida qayd etildi.
Birinchi xonimlar tabiat qo‘ynida mamlakatlar xalqlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
O‘zbekistonning birinchi xonimi Tyanszin shahridagi eng yirik badiiy-tarixiy muzeyga ham tashrif buyurdi. Bu madaniyat maskani Xitoydagi birinchi toifali muzeylardan hisoblanadi. U sobiq Tarix muzeyi va San’at muzeyi eksponatlarini o‘zida birlashtirgan. Muzeyning yangi binosida ko‘rgazma zallari, omborlar va ilmiy tadqiqot markazlari joylashgan. Muzey kolleksiyasida 218 mingga yaqin eksponat mavjud bo‘lib, ularning aksariyati “qimmatli madaniy durdonalar“ toifasiga kiritilgan.
Yuqori martabali mehmonga Tyanszinning tarixiy ahamiyati va uning boy tarixi aks etgan uchta asosiy ekspozitsiya – “Qadimiy Tyanszin”, “Tyanszinda Xitoy madaniyatining yuz yili“ va “Yaoshi xazinalari — madaniy durdonalarning betakror ekspozitsiyasi“ namoyish etildi. Muzey kolleksiyasida 60 dan ortiq noyob san’at asarlari to‘plami, jumladan, qadimiy bronza buyumlari, nefrit, xattotlik va tasviriy san’at namunalari, chinni buyumlar bor.
Shu kunning o‘zida Ziroat Mirziyoyeva O‘zbekiston prezidenti bilan birga Pekinga yetib keldi.