02-09-2025 07:14
Shanhay Hamkorlik Tashkiloti (SHHT) mamlakatlari yangi moliyaviy tuzilma — SHHT Rivojlanish bankini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Tianjin shahrida bo‘lib o‘tgan davlat rahbarlari sammiti yakunlarida qabul qilingan deklaratsiyada bayon etilgan.
Hujjatda aytilishicha, «manfaatdor davlatlar SHHT Rivojlanish bankini tashkil etish zarurligini tasdiqlaydi va yangi moliyaviy institutning faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha maslahatlashuvlarni jadallashtirishga kelishib olgan».
Rossiya prezidenti Vladimir Putin sammitdan avval SHHT mamlakatlari o‘rtasida yagona to‘lov tizimini yaratish taklifini bildirgan, shuningdek, yagona obligatsiyalar chiqarish va qo‘shma investitsiya loyihalari uchun alohida bank tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi.
Rossiya To‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev esa 1-sentyabrda rossiyalik bank kartalari SHHT mamlakatlarida tobora faolroq qabul qilinishi mumkinligini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, deklaratsiyada xalqaro moliyaviy tizimni isloh qilishga qaratilgan sa’y-harakatlar qo‘llab-quvvatlangan. Ayni paytda, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro valyuta jamg‘armasi kabi institutlarda rivojlanayotgan mamlakatlarning ishtiroki va roli kuchaytirilishi kerakligi ta’kidlangan.
Bundan tashqari, SHHT doirasida milliy valyutalardan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni bosqichma-bosqich amalga oshirish muhimligi alohida qayd etilgan.