02-09-2025 07:11
Sun’iy intellekt (SI) ofis ishchilarini ishsiz qoldirish xavfini tug‘dirayotgan va ba’zi bitiruvchilarga boshlang‘ich ish o‘rinlarini topishni qiyinlashtirayotgan bir paytda, dunyo bo‘ylab yoshlar ommaviy ravishda hunarga o‘qitish dasturlariga qiziqish bilan yuzlanmoqda.
Koronavirus pandemiyasigacha hunar maktablari bozori deyarli bir joyda «qotib qolgan» edi, deyiladi «Validated Insights» nomli oliy ta’limga ixtisoslashgan marketing va tadqiqot kompaniyasining mart oyidagi hisobotida. Endi esa kuzgi qabul ko‘rsatkichlari yillik 6,6 foizlik o‘sishi kutilayapti.
«Qo‘lingizni qora moyga botirib, ter to‘kib ishlab, cho‘ntakni qappaytirishning hech qanday uyatli joyi yo‘q», — deydi Midea kompaniyasi mahsulotlar bo‘yicha katta menejeri Devid Reyms. Midea konditsioner va muzlatkich kabi maishiy texnika ishlab chiqaruvchi bo‘lib, o‘nlab hunar maktablari bilan hamkorlikda yangi HVAC mutaxassislarini o‘qitmoqda.
«Sun’iy intellekt bizning ish o‘rnimizni egallay olmaydi. Chunki SI konditsioner o‘rnata olmaydi», — deydi u.
Hunar maktablari payvandlash, vodoprovod, konditsioner ustasi kabi sohalarga kirishni istovchilar uchun bitta imkoniyat xolos. AQSH Milliy talabalar markazining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yildan buyon kasb-hunarga ixtisoslashgan ikki yillik kollej dasturlariga qabul 20 foizga o‘sgan. Bu ko‘rsatkich to‘rt yillik ommaviy universitetlarnikidan 10 barobar yuqori. Xizmat davomida pul ishlab olish imkonini beradigan rasmiy shogirdlik dasturlari ham so‘nggi yillarda ommalashmoqda.
Ayrim hunarlar to‘rt yillik oliy ma’lumot talab qilinadigan kasblar bilan teng maosh bermoqda. Masalan, 2023-yilda konditsioner mutaxassislari (HVAC) uchun o‘rtacha yillik maosh 60 ming dollar atrofida bo‘lgan. Bu barcha ishchilar uchun o‘rtacha maoshga yaqin. HVAC sohasida eng ko‘p maosh oluvchi 10 foiz xodimlar yillik 91 ming dollardan ortiq ish oladi.
Ayni paytda, HVAC mutaxassislari tanqisligi tufayli ularning xizmatiga talab yuqori. «HVAC pudratchilar narxi ancha oshgan», — deydi Reyms.
Boshqa hunarlar ham yaxshi daromad keltiradi. Masalan, Reyms o‘g‘li vodoprovod sohasida ishlaganidan so‘ng 22 yoshida uzoq muddatli investitsiyalar uchun 55 ming dollar ortiqcha mablag‘ to‘plaganini aytdi. «Yoshlarga shu haqda gapirsam, ko‘zlari katta katta bo‘lib ketadi», — deydi u.
Kasb-hunarga burilish
Zety rezyume platformasi o‘tkazgan so‘rovnomada 1000 nafar Z avlodi vakilidan yarmidan ko‘pi hunar sohalarini jiddiy ko‘rib chiqishga tayyor ekanini aytgan. Bunda sun’iy intellekt xavfi, sohaga kirishdagi osonlik va maosh ustuvor omil sifatida keltirilgan.
Zety mutaxassisi Jasmin Eskalera buni «SIdan xavotirli burilish» deb ataydi — yoshlar oliy ma’lumot kerakmi-yo‘qmi o‘zi, deb qayta o‘ylay boshlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, SI sababli ko‘plab boshlang‘ich lavozimlar yo‘qolishi mumkin degan tahlikali tasavvur ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda.
«Doim mavjud bo‘ladigan ish degan narsa qolmadimi?» — deydi Eskalera. «SI ko‘p ishlarni va kasblarni o‘zgartirishi aniq. Ular butunlay yo‘qoladimi-yo‘qmi — bunisi hali noma’lum».
Oliy ma’lumot olish uchun katta qarzga botish va keyin ma’lumotiga mos ish topa olmaslik xavfi — Z avlod uchun katta savol. Hunar egalariga esa talab hali ham yuqori. Eskalera aytganidek, «vodoprovodchilar har doim ishli bo‘ladi».
Stanford universiteti tadqiqotchilari shu oydagi ilmiy maqolasida SI ta’siri katta bo‘lgan mutaxassisliklarda (masalan, dasturchilar) 22–25 yoshli yoshlar orasida ishsizlik ortayotganini, SI’ga kam ta’sirchan soha — masalan, hamshira yordamchilarida esa o‘sish kuzatilayotganini aniqlashdi.
Hunar sohasiga kirish
Zetining so‘rovida Z avlodga mansub yoshlar (1998—2012-yil tug‘ilganlar)ing 38 foizi fizik mehnatga bo‘lgan talabni hunar egallashdagi asosiy to‘siq deb hisoblagan.
Shunga qaramasdan, qiziqish hali ham yuqori. StrataTech Education Group ta’lim muassasalari rahbari Brendon Milliganga ko‘ra, talabalar orasida ayollar, maktab bitiruvchilari va hatto kasb almashtirmoqchi bo‘lganlar soni ortib bormoqda. 2024-yil iyulida qabul 7 foizga o‘sgan.
«Bizdagi dasturlar 7–9 oy davom etadi, arzon va samarali. Bu to‘rt yil bakalavr o‘qishni istamaydigan, qo‘l mehnati bilan ishlashni yoqtiradiganlar uchun juda jozibadir», — deydi u.
HVAC, payvandlash, elektrik, boshqa hunarlar bo‘yicha o‘qish 20–25 ming dollarga tushadi. Elektr ustachiligi eng mashhur yo‘nalish.
23 yoshli Devid MakLin StrataTech’ning Jeksonvildagi Tulsa Welding School muassasasini ikki marta tugatib, payvandlash, HVAC, elektrik va quyosh energetikasi bo‘yicha to‘rtta sertifikat olgan. Virjiniya-Bichda xavfsizlik tizimlarini o‘rnatish bo‘yicha elektrik bo‘lib ishlayapti.
Elektrik sifatida ish boshlaganda soatiga 20–30 dollardan to‘lanadi, tajriba yuqori bo‘lsa 45 dollar va undan yuqori. Unga ish beruvchisi boshqaruv bo‘yicha onlayn kursga o‘qishi va avvalgi qarzlarini to‘lashda yordam bermoqda. Yaqinda oylikka o‘tishi kutilmoqda.