02-09-2025 07:07
1980-yillarda Internet endigina shakllanayotgan paytda har bir mamlakatga uni virtual maydonda ajratib turadigan shaxsiy domen nomi berilgan edi. AQSHga .us, Buyuk Britaniyaga .uk domeni to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, Karib dengizi hududida joylashgan kichik Angillya oroliga .ai domeni nasib etgan. O‘sha vaqtda bu domen hech qanday alohida ma’noga ega emasdi.
Biroq hozirgi kunda sun’iy intellekt (AI — artificial intelligence) sohasining jadal rivojlanishi tufayli .ai domeni Angillya uchun haqiqiy omad eshigini ochdi. Ko‘plab kompaniya va fuqarolar aynan shu domenni olish uchun Angilya hukumatiga pul to‘lamoqda.
Ushbu domenni sotib olganlardan biri amerikalik tadbirkor Dharmesh Shoh bo‘lib, u bu yil you.ai («sen.si» degan ma’noni anglatadigan) manzili uchun 700 ming dollar to‘lagan.
VVS nashriga bergan intervyusida Shoh ushbu domenni sotib olganiga sabab sifatida «insonlar o‘zlarining raqamli nusxasini yaratish imkonini beradigan SI mahsulotini ishlab chiqish g‘oyasi»ni keltirgan. Uning ta’kidlashicha, saytda yaratilgan bunday raqamli klon inson o‘rniga ma’lum vazifalarni bajarishi mumkin bo‘ladi.
Domen nomlarini kuzatib boruvchi servis ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi besh yilda .ai domenidagi veb-saytlar soni o‘n baravar oshgan, faqat o‘tgan yilning o‘zida esa ikki barobar ko‘paygan.
Endilikda aholisi bor-yo‘g‘i 16 ming kishidan iborat bu kichik hudud o‘ziga nasib qilgan bunday omaddan qanday qilib barqaror daromad manbai sifatida unumli foydalanishni o‘ylayapti.
Karib dengizi orollarining ko‘pchiligida bo‘lgani singari Angillya iqtisodiyotidagi asosiy daromad manbai turizm hisoblanadi. So‘nggi vaqtlarda orolga asosan AQSHdan keladigan boy sayyohlar oqimi ortgan.
Mahalliy statistika idorasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yili orolga 111,6 ming turist tashrif buyurgan — bu tarixiy rekord hisoblanadi.
Biroq har yili kuz faslida Angillya dovul va bo‘ronlardan jabr ko‘radi, bu esa turizm rivojiga jiddiy to‘siq bo‘lib turibdi.
Mana shunday vaziyatda veb-domenlar savdosi orol iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishda muhim rol o‘ynamoqda. Bu haqda Xalqaro valyuta jamg‘armasining so‘nggi hisobotida ham ta’kidlangan.
2025-yil byudjeti loyihasida Angillya hukumati 2024-yilda domen savdosidan 105,5 mln sharqiy Karib dollari (taxminan 39 mln AQSH dollari) daromad topganini qayd etgan. Bu mablag‘ o‘tgan yilda byudjet tushumlarining qariyb to‘rtdan bir qismini tashkil etgan. XVJ ma’lumotlariga ko‘ra, turizm esa 37 foiz ulushni tashkil etgan.
Hukumatning kutuvicha, 2025-yilda domen savdosi orqali daromad 132 mln sharqiy Karib dollariga, 2026-yilda esa 138 mln dollarga yetishi mumkin.
Agar 2020-yilda .ai domenidagi veb-saytlar soni 50 mingdan kam bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib ular soni 850 mingdan oshib ketgan.
Angillya Britaniyaning dengiz orti hududi hisoblanadi. Biroq u yuqori darajadagi avtonomiyaga ega. Buyuk Britaniya orol xavfsizligini kafolatlaydi hamda inqiroz va tabiiy ofatlar paytida moliyaviy yordam beradi.
Domen qanchalik qimmat?
.ai domenlarining aniq narxi ochiq emas, lekin ayrim manbalarda yozilishicha, ularning boshlang‘ich narxi 150–200 dollardan boshlanadi. Har ikki yilda domenni uzaytirish uchun ham xuddi shu miqdorda to‘lov qilinadi.
Shu bilan birga, eng ommabop nomlar auksion orqali sotiladi va ularning ba’zilari yuz minglab dollarga baholanmoqda. Biroq domenni uzaytirish narxi shunga qaramay nisbatan arzon bo‘lib qolmoqda.
Umumiy foydaning katta qismi Angillya hukumatiga to‘g‘ri keladi. Ammo ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHdagi domenni boshqarish bilan shug‘ullanadigan Identity Digital kompaniyasi 10 foiz ulushga ega.
Ayni paytda .ai domenidagi eng qimmat sotilgan veb-manzil — bu Dharmesh Shoh xarid qilgan you.ai hisoblanadi. Ammo so‘nggi haftalarda o‘tkazilgan auksionlar orol hukumatiga yana yuz minglab dollar daromad keltirdi: iyul oyida cloud.ai manzili uchun 600 ming dollar, law.ai manzili uchun esa 350 ming dollar to‘langan.
Angillya domen sotuvidan daromad qilayotgan yagona mamlakat emas.
1998-yili Tuvalu oroli o‘ziga tegishli .tv domenini amerikalik VeriSign kompaniyasiga litsenziya qilib bergan. U vaqtda litsenziya yiliga 2 mln dollar bo‘lgan bo‘lsa, keyin bu miqdor 5 mln dollargacha oshgan.
Biroq Tuvaludan farqli o‘laroq, Angillya hukumati domen savdosidan tushadigan foydaning katta qismini o‘zi nazorat qiladi va oladi.
Endilikda bu barqaror daromad manbasi orolga yangi aeroport qurish, infratuzilmani yaxshilash va sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish kabi loyihalarga sarmoya jalb etishga yordam berishi kutilmoqda.