29-08-2025 12:34
Maqolada SHHT davlatlari o‘rtasida turizmni rivojlantirish muhim yo‘nalish ekani ta’kidlanib, mintaqada arzon va sifatli turizm mahsulotlari yetishmasligi qayd etildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar soni yil oxiriga qadar 46 tadan 60 taga yetadi.
Prezident, shuningdek, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish tarafdori ekanini bildirgan. U SHHT doirasida umumiy platforma yaratish, tajriba almashish va inklyuziv hamda «yashil» o‘sishni qo‘llab-quvvatlash zarurligini qayd etdi.
Maqolada SHHT mexanizmlarini isloh qilish, hamda barcha davlatlar manfaatlari va zamonaviy chaqiriqlarni inobatga olgan holda uzoq muddatli strategiya ishlab chiqish taklifi ham ilgari surildi. O‘zbekistonning maqsadi — mintaqaviy jarayonlarda ishtirok etish bilangina cheklanmay, balki o‘zaro ishonch va manfaat asosida umumiy kelajakni faol qurishdir.
Davlat rahbari yaqinlashib kelayotgan Tyanszin shahridagi SHHT sammitidan muvaffaqiyatli natijalar kutayotganini bildirib, Xitoy xalqiga tinchlik, farovonlik va taraqqiyot tiladi.