Tamaki mahsulotlari savdosi bo‘yicha yangi cheklov taklifi kiritildi
26.09.2024 10:48
O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z Saylovoldi dasturida 2030 yildan boshlab 2009 yil 1 yanvar kunidan keyin tug‘ilgan fuqarolarga tamaki mahsulotlarini sotishni taqiqlash taklifini ilgari surmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 13-15 yoshdagi 37 mln. nafar o‘g‘il-qiz tamakini u yoki bu shaklda iste’mol qiladi. Yevropa mintaqasida esa 13-15 yoshdagi 11,5 foiz o‘g‘il bolalar va 10,1 foiz qizlar (umumiy hisobda 4 mln. nafar yoshlar) tamaki chekadi. Mutaxassislar 2050-yilgacha sayyoramizda chekish tufayli 450 mln. kishi hayotdan ko‘z yumishi mumkinligini prognoz qilmoqda.
Shu boisdan ham dunyo mamlakatlarida tamaki mahsulotlariga chek qo‘yishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yoshlarga mo‘ljallangan maxsus dasturlar ishlab chiqilgan. Masalan, Yangi Zelandiya 2009-yil 1-yanvarda va undan keyin tug‘ilgan shaxslarga tamaki mahsulotlarini sotishni taqiqlagan va tartibni buzganlik uchun jarimalar nazarda tutilgan.
Butun dunyoda sog‘lom turmush tarzi tarafdorlari, siyosatchilar hamda tamakiga qarshi kurashish sohasining faollari ushbu muammoni muhokamalar platformasiga olib chiqmoqda. Siyosiy partiyalar o‘zlarining harakat dasturlariga kiritmoqdalar. Mamlakatlar hukumatlarini yoshlarni tamaki sanoatining turli nayranglaridan himoya qilish uchun zarur choralarni ko‘rishga da’vat etmoqda.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z Saylovoldi dasturida 2030 yildan boshlab 2009 yil 1 yanvar kunidan keyin tug‘ilgan fuqarolarga tamaki mahsulotlarini sotishni taqiqlash taklifini ilgari surmoqda.