28-08-2025 07:00
O‘zbekiston hududida harakatlanadigan og‘ir yuk mashinalari uchun yo‘l to‘lovlari 1,4 barobarga pasaytirildi. Hukumat qaroriga muvofiq, xorijiy davlatlarga tegishli og‘ir yukli va katta hajmli transport vositalari O‘zbekiston hududida harakatlanishi uchun to‘lov miqdorlari qayta belgilandi. Yangi tartibga ko‘ra, transport vositasi umumiy massasi ruxsat etilgan me’yordan oshib ketganda belgilanadigan to‘lov stavkalari qayta ko‘rib chiqildi.
Eng kam holatda — og‘irligi 5 tonnadan oshib ketganda, yurilgan har bir kilometr uchun BHMning 0,08 foizi, eng ko‘pi 50 tonnadan ortiq vazndagilar uchun esa BHMning 4,22 foizi to‘lanadi. Bu esa amaldagi tariflarning sezilarli darajada pasayishini anglatadi.
Shuningdek, og‘ir yukli va yirik gabaritli transport vositalari uchun ariza ko‘rib chiqish, yo‘nalishni kelishish va ruxsatnoma berish xizmatlari ham arzonlashtirildi. Endi 100 km masofagacha BHMning 54 foizi, har bir keyingi kilometr uchun esa BHMning 0,24 foizi hisoblanadi.
Ilgari mazkur to‘lovlar 100 km uchun 25 dollar va keyingi har bir kilometr uchun 0,11 dollar miqdorida belgilangan edi. Yangi qaror xorijiy avtotashuvchilar xarajatlarini qisqartiradi, shu bilan birga O‘zbekiston tranzit imkoniyatlarini raqobatbardoshroq qiladi.