21-08-2025 04:26
Oxirgi yetti yilda xususiy klinikalar soni 3,5 mingdan 8,5 mingtagacha ko‘paygani bu yo‘nalishdagi ulkan imkoniyat va salohiyatni ko‘rsatmoqda. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, xususiy tibbiyotda to‘plangan tajriba, zamonaviy texnologiyalar va malakali kadrlar soha jozibadorligini yanada oshirmoqda.
«Sizlar bilan birga O‘zbekistonni mintaqadagi yuqori texnologik tibbiyot xabiga aylantirishimizga ishonaman. Buning uchun yana qanday sharoit kerak bo‘lsa, barchasini qilib berishga tayyorman» — dedi Prezident.
Yangi tashabbusga ko‘ra, chegara hududlarda klinika, reabilitatsiya markazi, mehmonxona va laboratoriyalarni o‘z ichiga olgan tibbiyot klasterlari tashkil qilinadi. Ularni zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlash uchun 200 million dollarlik imtiyozli kredit liniyasi ochiladi.
Mazkur klasterlarni barpo etgan tadbirkorlarga 7-yil muddatga, 3-yillik imtiyozli davr bilan 17 foizli arzon kreditlar beriladi. Mutahassislar fikricha, bu qadam xususiy tibbiyotning barqaror rivojlanishiga turtki berib, aholi uchun sifatli tibbiy xizmatlar doirasini yanada kengaytiradi.
Loyihalarga investitsiya jalb qilish uchun yangi platforma ishga tushiriladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan muloqotda biznesni qo‘llab-quvvatlashning eng asosiy vositasi moliyaviy xizmatlar ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, yaxshi loyihalarga mablag‘ izlayotgan tadbirkorlar ko‘p, shu bilan birga, investitsiya kiritmoqchi bo‘lganlar ham yetarli.
«Amaldagi tartibga ko‘ra, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar sarmoyadorni ta’sischi sifatida qabul qilishga majbur. Lekin bunga hamma ham rozi bo‘lmagani uchun asosiy moliyaviy yuk haligacha banklar zimmasida qolmoqda. Muammoni hal etish maqsadida soddalashgan investitsiya platformasi ishga tushiriladi. U orqali korxonalar o‘z loyihalarini joylashtiradi, potensial investorlar esa istagan loyihani tanlab, mablag‘ kiritish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yangi tizim orqali tadbirkorlar yiliga qo‘shimcha 1 milliard dollar mablag‘ jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi» — dedi Prezident.
Eng muhim jihati, investor ta’sischi emas, balki ulushdor sifatida ishtirok etadi. U daromadga sherik bo‘ladi va kiritgan mablag‘i kafolatli himoya qilinadi.
«Yosh tadbirkorlar» chempionati o‘tkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda startaplar soni oxirgi sakkiz yilda barmoq bilan sanarli holatdan 600 dan oshdi. Bu sohaning tez sur’atlarda rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
«E’tibor bering, yetti oyni o‘zida startaplarga rekord miqdorda – 264 million dollar xorijiy investitsiya keldi. Bu 2024-yil davomida kirgan sarmoyalardan 4 barobar ko‘p. Shu bois startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada jonlantiramiz» — dedi Prezident.
Yil yakunigacha 1 mingta yoshlar startap g‘oyasi tijoratlashtirilib, ularning 200 tasi xalqaro bozorga olib chiqiladi. Shuningdek, 100 ta mahalliy startapni xalqaro darajada jozibador biznesga aylantirish uchun 100 mln dollar yo‘naltiriladi. Bu yildan boshlab, «Yosh tadbirkorlar» chempionati tashkil etiladi. Tanlovda eng yaxshi 100 ta g‘oya saralanib, har bir startapga 1 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritiladi.
«G‘oliblarni 20-avgust – Tadbirkorlar kunida taqdirlasak, o‘ylaymanki, yosh tadbirkorlarga bu ham katta motivatsiya bo‘ladi» — dedi davlat rahbari.