14-08-2025 07:24
Endilikda, prokuror yerga oid huquqiy munosabatlar, davlat mulki, davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash va davlat byudjetidan undiruvlar bilan bog‘liq ishlarning sudda ko‘rilishida ishtirok etish vakolatiga ega bo‘ldi.
Bosh prokuraturaning xabariga ko‘ra, prokurorlar o‘z vakolatlari doirasida sudda ishlarning ko‘rilishida qatnashib, g‘ayriqonuniy sud qarorlariga nisbatan protest keltirish amaliyotidan keng foydalanmoqda.
Xususan, sud qarorlari bilan da’vogar M.A.ning olib qo‘yilgan yer uchastkasidagi qurilma uchun 827 mln so‘m kompensatsiya undirish haqidagi da’vo arizasi qanoatlantirilgan.
Fuqarolik ishi hujjatlariga ko‘ra, 2006-yilda M.A.ga tuman hokimligi tomonidan 0,4 ga yaylov yer maydoni qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish va qayta ishlab chiqarish sexi qurilishi uchun doimiy foydalanishga ajratib berilgan.
Biroq M.A. tomonidan yaylov yer maydoni maqsadli foydalanilmagani bois, tuman hokimining yer ajratish qarori bekor qilingan. M.A. esa guyoki unga ajratilgan yer maydonida qurilma qurilganini asos qilib, sudga kompensatsiya undirish to‘g‘risida da’vo ariza kiritgan.
Fuqarolik ishi hujjatlari sinchkovlik bilan o‘rganilganda, M.A. o‘ziga ajratilgan 0,4 ga yer maydoni chegarasida emas, balki umuman boshqa joyda qurilma qurgani ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ushbu qurilma ham o‘zboshimchalik bilan qurilgan bo‘lib, 2021-yildagi sud qarori bilan M.A. hisobidan buzdirilishi va yer maydoni oldingi holatiga qaytarilishi belgilangan.
Zamonaviy texnologiyalar yordamida yer maydoni o‘rganilganda ham M.A. tomonidan unga ajratilgan 0,4 ga yer maydonida biror bir qurilma qurilmagani aniqlangan.
Fuqarolik kodeksining 212-moddasi talablariga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imorat mulk huquqini vujudga keltirmasligi va uning uchun kompensatsiya to‘lanishi talab etilmasada, sudlar davlat hisobidan M.A. foydasiga 827 mln so‘m undirish to‘g‘risida asossiz qaror qabul qilgan.
Sud qarorlari Bosh prokuratura tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudiga taftish tartibida keltirilgan protest asosida ko‘rilib, M.A.ning asossiz da’vo arizasi rad etildi.