13-08-2025 12:55
– Ularni qiynayotgan masalalar bilan to‘liq tanishdim. Hozir yechimlarini aytaman. Bugundan to‘qimachilikda “dolzarb yuz kunlik” e’lon qilamiz, – dedi davlatimiz rahbari. Avvalo, ahvoli yomonlashgan ayrim korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish va tannarxni kamaytirish choralari belgilab olindi. Joriy yilda klasterlarning kreditdan qarzdorligini garov qo‘yish sharti bilan 5-yilgacha uzaytirishga ruxsat berildi. Endilikda garov qo‘ygan klasterlar faqat asosiy qarzni to‘laydi. Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi va banklarga hisoblanadigan foizlar esa asosiy qarz to‘liq qoplanganidan keyin undiriladi. Bu orqali klasterlarda yiliga 800 milliard so‘m aylanma mablag‘ qoladi.
Agar klasterlar ham asosiy qarz, ham foizini o‘z vaqtida to‘lasa, foizning Jamg‘armaga ketadigan qismining yarmi tadbirkorga qaytariladi. Klasterlarga 2022-2023-yillar hosili uchun berilgan kredit bo‘yicha 1-avgust holatiga yuzaga kelgan 377 milliard so‘mlik penyadan voz kechiladi.