13-08-2025 06:32
O‘zbekiston hukumati qaroriga ko‘ra, 2025-yil 1-sentyabrdan boshlab xorijiy davlat qonunlarini buzgani uchun deportatsiya qilingan yoki mamlakat xalqaro nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatgan xatti-harakat sodir etgan fuqarolar haqidagi ma’lumotlar yagona elektron baza orqali yuritiladi.
Migratsiya agentligi ushbu fuqarolar haqidagi ma’lumotlarni Migratsiya jarayonlariga doir ma’lumotlarning yagona elektron bazasiga kiritadi. Bu orqali ularning xorijga chiqishi bo‘yicha davlat xizmatlari nazorat ostida bo‘ladi.
Qarorga muvofiq, readmissiya qilingan fuqarolar ikki yil davomida xorijga chiqish biometrik pasportini olish imkoniyatidan mahrum etiladi. Bu cheklov deportatsiya qilingan barcha shaxslarga tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, ayrim istisno holatlar ham belgilanadi. Ichki ishlar vazirligi muayyan asoslar mavjud bo‘lgan taqdirda, bunday fuqarolarga xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirib berish vakolatiga ega bo‘ladi.
Avvalroq O‘zbekiston fuqarosi sodir etgan jinoyati sababli chet eldan deportatsiya qilinsa, uni olib kelish uchun davlat tomonidan qilingan xarajatlarni qoplashi va migratsiya fondidan berilgan mablag‘larni qaytarishi haqida xabar bergan edik.