Qaror bilan tasdiqlangan dasturning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari:
- irrigatsiya tarmoqlarining 2 551 km qismini rekonstruksiya qilish, ushbu maqsadlar uchun har yili Davlat byudjetidan kamida 1,3 trln so‘m ajratish va xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan 300 mln AQSH dollarini o‘zlashtirish;
- Suv xo‘jaligi vazirligi balansidagi nasos stansiyalarining eskirgan 562 ta nasos va 578 ta elektr dvigatelini zamonaviy energiya tejamkorlariga almashtirish, ularning yillik elektr energiyasi sarfini 6,8 mlrd kVt/soatdan 6,2 mlrd kVt/soatgacha kamaytirish;
- suv ta’minoti darajasi past bo‘lgan sug‘oriladigan maydonlar hajmini 424 ming gektardan 276 ming gektargacha kamaytirish;
- 2025-yilda tajriba tariqasida Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi 15 ta nasos stansiyasida muqobil energiya manbalari hamda energiya tejamkor qurilmalarni o‘rnatish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish kabilardan iborat.
Shuningdek,
- suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar hajmini 2,1 million gektardan 3,5 million gektarga, shundan tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan maydonlar hajmini 560 ming gektardan 853 ming gektarga yetkazish;
- sho‘rlangan maydonlar hajmini 1 898 ming gektardan 1 732 ming gektarga, shu jumladan, o‘rtacha va kuchli darajada sho‘rlangan maydonlar hajmini 578 ming gektardan 460 ming gektarga qisqartirish;
- sizot suvlari sathi muammoli holatda (0–2 metr) bo‘lgan sug‘oriladigan yer maydonlari hajmini 893 ming gektardan 775 ming gektarga kamaytirish;
- irrigatsiya va melioratsiya obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilish orqali qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqqan jami 67 ming gektar sug‘oriladigan yer maydonini qayta foydalanishga kiritish vazifalari ham dasturda belgilangan.
Qarorga binoan, respublikada suv sarfi hisobi va hisobotining to‘liq yuritilishini ta’minlash maqsadida muhim suv xo‘jaligi obyektlarida suvning yagona onlayn hisobini yuritish tizimi joriy etiladi. Bunda 2025–2026-yillarda davlat chegarasida olinayotgan suv miqdorini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyatini yaratuvchi kamida 300 ta raqamli suv o‘lchash qurilmasi o‘rnatiladi hamda markazlashgan ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinadi.
12 080 ta meliorativ kuzatuv qudug‘ida raqamli texnologiyalar asosida suv sarfi hisobi monitoringi yo‘lga qo‘yiladi va tizimdagi 1 750 ta nasos agregatining suv sarfi hisobi onlayn rejimda monitoring qilinadi.
12 ta yirik suv xo‘jaligi obyektini raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirilgan boshqaruvga o‘tkazish hamda davlat-xususiy sheriklik shartlarida suv xo‘jaligi obyektlarini xususiy sektor boshqaruviga berish orqali xususiy sheriklikka berilgan obyektlarda xarajatlarni 15 foizga kamaytirish choralari ko‘riladi.
Qaror bilan Suv resurslarini oqilona boshqarish, ulardan samarali foydalanish va muhofaza qilish ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika suv kengashi tarkibi hamda kengashning asosiy vazifalari tasdiqlandi.
Suv xo‘jaligi vazirligi 2025-yil 1-oktyabrga qadar:
- Energetika vazirligi bilan birgalikda 2026–2028-yillarda kamida 20 tadan nasos stansiyasiga muqobil energiya manbalari qurilmalarini (quyosh panellari) o‘rnatish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
Shuningdek, Suv xo‘jaligi vazirligi har chorakda Dasturning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishi yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar kengashlariga axborot berib boradi. Mazkur axborot keng jamoatchilik uchun ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Dasturdan kutilayotgan natija:
- beton qoplamali kanallar ulushi 39 foizdan 47 foizgacha oshiriladi, bunda beton qoplamali kanallar uzunligi 13,5 ming kilometrgacha yetkaziladi;
- irrigatsiya tizimi va sug‘orish tarmoqlarining foydali ish koeffitsiyenti 0,67 dan 0,75 gacha oshiriladi;
- melioratsiya tadbirlarini amalga oshirish orqali jami sho‘rlangan maydonlar 1 898 ming gektardan 1 732 ming gektarga, shu jumladan, o‘rtacha va kuchli darajada sho‘rlangan yerlar 578 ming gektardan 460 ming gektarga qisqartiriladi.
- Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida respublikada joriy yilda – 10 mlrd kub metr, 2026-yilda – 12 mlrd kub metr, 2027-yilda – 13 mlrd kub metr, 2028-yilda – 14 mlrd kub metr suv iqtisod qilinadi.