Hukumat qarori bilan osma yo‘llarni qurish va jihozlashga yo‘naltirilgan investorlar xarajatlarini qisman qoplash tartibi to‘g‘risida vaqtinchalik nizom tasdiqlandi.
Subsidiyalar turizm salohiyati yuqori joylarda yangi infratuzilmani yaratishni rag‘batlantirishga qaratilgan. Nizom 2025-yilning 31-dekabrigacha amal qilib, 2024-yildan boshlangan loyihalarning qurilish va jihozlashga yo‘naltirilgan xarajatlarining bir qismini qoplashga qo‘llaniladi.
Belgilangan muddatdan oldin foydalanishga topshirilgan uzunligi kamida 500 metr bo‘lgan birinchi 20ta kanat yo‘li kompensatsiya oladi. Har 500 metr uchun $1 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.
Bunda investorlarning yangi osma yo‘llarni qurish va jihozlashning dastlabki 20 ta loyihasiga yo‘naltirilgan xarajatlarining bir qismi qoplanadi
Subsidiya olish uchun investitsiya kompaniyasining soliqlar va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmasligi kerak. U qayta tashkil etish, tugatish yoki bankrotlik jarayonida bo‘lmasligi zarur.
Turizm qo‘mitasi investorlarga subsidiya to‘lash uchun javobgar bo‘ladi. Qo‘mitaga Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Yagona portal orqali subsidiyalar olish uchun arizalar qabul qilishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Arizaga kanat yo‘lini foydalanishga qabul qilish to‘g‘risidagi qabul komissiyasi dalolatnomasining nusxasini ilova qilish kerak. Turizm qo‘mitasi arizani 15 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi, shundan so‘ng subsidiya to‘lash yoki rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.