Rossiyada o‘zbekistonliklar uchun turistik kartalar joriy etiladi
20.09.2024 13:54
Ular Mir tizimidagi virtual hisoblar yordamida to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
Rossiyada O‘zbekistondan tashrif buyurgan fuqarolar to‘lov uchun foydalanadigan turistik kartani yaratish rejalashtirilmoqda. Bu haqda «TASS» agentligiga Rossiya Davlat dumasi turizm qo‘mitasi rahbari Sangadji Tarbayev ma’lum qildi.
Xalq xo‘jaligi yutuqlari ko‘rgazmasidagi sayyohlik salohiyati taqdimotida deputat Rossiyaga kiruvchilar orasida o‘zbekistonliklar eng katta guruhni tashkil etishini ta’kidladi.
Tovar va xizmatlar uchun to‘lov mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda muhim o‘rin tutadi, deya qo‘shimcha qildi u.
Rossiya emitentlari tomonidan qo‘llanilayotgan «Mir» to‘lov tizimi “xalqaro argumentlar tufayli” O‘zbekistonda ishlamayapti. Tomonlar naqd pulsiz hisob-kitoblar uchun imkoniyatlar yaratish ustida ishlamoqda.