08-08-2025 06:42
Ma’lumki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda xalq tabobatini qonuniy asosda rivojlantirish, uni zamonaviy tibbiyot bilan uyg‘unlashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda 150 dan ortiq tadbirkorlik subyekti tegishli litsenziya asosida ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritmoqda.
Shunga qaramasdan, ayrim shaxslar hech qanday tibbiy ma’lumotga, litsenziyaga va huquqiy asosga ega bo‘lmasdan, turli “g‘ayritabiiy qobiliyatlar”, “energetik ta’sir”, “ruhiy muolaja” kabi so‘zlar orqali fuqarolar ruhiyatiga ta’sir ko‘rsatib, aldab kelmoqda. Ular tomonidan taklif etilayotgan muolajalar tibbiy jihatdan tasdiqlanmagan, belgilangan standart va protokollarga mos kelmaydi.
SSV ma’lumotlariga ko‘ra, bunday soxta mutaxassislar ko‘pincha og‘ir ahvoldagi bemorlarni nishonga oladi va o‘z “xizmat”larini ommaviy targ‘ib qiladi.
Ta’kidlanishicha, bunday shaxslarga rasmiy ravishda tibbiy faoliyat yuritish uchun litsenziya berilmagan. Demak, ular tomonidan amalga oshirilayotgan har qanday “davolash” harakatlari qonunga xilof hisoblanadi va inson salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2024-yil davomida litsenziyasiz tibbiy faoliyat yuritgan 38 ta yuridik shaxsga nisbatan har biriga BHMning 300 baravari miqdorida jarima qo‘llangan. 2025-yil 1-iyul holatiga kelib esa yana 24 ta shunday subyektga nisbatan moliyaviy jazo choralari ko‘rilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini hushyor bo‘lishga, o‘z sog‘lig‘ini faqat tegishli ruxsatnomalarga ega bo‘lgan tibbiyot va malakali mutaxassislarga ishonib topshirishga chaqirmoqda. Shuningdek, litsenziyasiz “tabib”lik bilan shug‘ullanayotgan yoki ijtimoiy tarmoqlarda shubhali tibbiy xizmatlarni reklama qilayotgan holatlarga duch kelsangiz, bu haqda tegishli organlarga xabar berishingiz mumkinligini eslatib o‘tmoqda.