08-08-2025 06:22
Partiya raisi o‘z telegram kanalida ulashgan postida O‘zbekistonning dunyoviy davlat ekanini ta’kidlab, «Dunyoviy davlat ko‘pchilik saylagan Parlament tomonidan qabul qilinib, ko‘pchilik saylagan Prezident tomonidan maqullangan qonunlarni buzmagan holda, o‘zi istaganidek yashash imkonini berishini ta’kidladi.
«Vatanimizda barcha millat va dunyoqarashdagi vatandoshlar emin-erkin, qonunlarni buzmagan holda farovonlikka intilishi uchun sharoit yaratish ustuvor maqsad ekanligi mustahkam belgilangan. Hamma teng va hech kim kamsitilmasligi kafolatlangan. Agar biron vatandosh pivo ichmoqchi bo‘lsa, ichadi, bu uning tanlovi, ichmaydigan vatandosh ichmaydi va buning sababini har ikki toifa hech kimga izoh berishga majbur emas. Alkogolni ichish mumkin, lekin reklama qilish mumkinmas, bu amaldagi qonunda belgilangan, albatta, parlament saylovlarini mutlaqo yutadigan biror siyosiy kuch qonunni o‘zgartirib alkogolni “milliy qadriyat”, bir jinslilarni oila qurish talabini esa erkin tanlov sifatida norma qilishi ham mumkin, bunga siz huquq berasiz», – deb yozdi u.
Qodirovning yozishicha, Jenifer Lopesning konserti serdaromad ish va yopiq tadbir, narkotika tarqatib, davlatga qarshi targ‘ibot qilmasa, o‘tkaziladi, tanasini ko‘rsatish uni tanlovi, ko‘rish esa tadbirga bilet olganlarniki, dunyoviylik shu.
Shuningdek, u o‘ranib yurmoqchi bo‘lgan ayol vatandoshni ham tanlovi qonun bilan himoya qilinishi kerakligini ta’kidladi.
«Yalong‘och namoyishini dunyoviylik deb qabul qildik, endi yopinib yurish huquqiga ham daxl qilmaslik kerakligini qabul qilaylik. Lopesga qanday kiyinishni o‘rgatmaganimizdek, e’tiqodli ayollarimizga ro‘molni qanday o‘rashni o‘rgatishni, qolaversa, shu yoshga kelib e’tiqodi talabiga rioya qilgan ayollarni pasportga ro‘molini yechib tushishga majburlashni ham to‘xtatish kerak. Identifikatsiya talablari yuzni ochiq bo‘lishini taqozo qiladi, sochni emas. Lopesga ko‘rsatgan bag‘rikengligimizni dindor ayollarimizga ham ko‘rsataylik. Dunyoviylik ishonganga ham, ishonmaganga ham teng bo‘la olish degani, zo‘rni zaifga hayotdan dars berishi emas. Lopes raqsini tushunish uchun Markesni dunyo falsafasini o‘qigan bo‘lish kerak», – deb yozdi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov.