08-08-2025 06:17
Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning ikkinchi choragida 51,4 mingta nikoh qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 5,4 foizga ko‘pdir. Nikohlar o‘sishi 2021-yil ikkinchi choragidan beri eng yuqori choraklik o‘sish sifatida qayd etildi.
Hozircha bu holat faqat ikkinchi chorakka xosmi yoki uzoq muddatli tendensiyaning qayta tiklanishimi — aniq aytish qiyin. Agar keyingi choraklarda ham nikohlar o‘sishi davom etsa, 2025-yilda tug‘ilishlar sonida ham tiklanish kuzatilishi mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, tug‘ilishlarda ham ijobiy belgi sezilmoqda. Birinchi chorakda tug‘ilishlar 3,7 foizga kamaygan bo‘lsa, ikkinchi chorakda kamayish 3,1 foizgacha sekinlashgan. Shuningdek, birinchi chorakda 131 ta tuman va shaharda tug‘ilishlar kamaygan bo‘lsa, ikkinchi chorakda bu ko‘rsatkich 127 ta tuman/shahargacha tushgan. Bu esa ayrim hududlarda tug‘ilishlar o‘sish fazasiga o‘tayotganini anglatadi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning fikricha, hozircha bir choraklik ma’lumotga asoslanib qat’iy xulosa chiqarish mumkin emas. Biroq nikohlar o‘sishi yaqin kelajakda mamlakat demografiyasida ijobiy siljishlar uchun zamin yaratishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, nikohdan ajralishlar soni ham o‘tgan yilga nisbatan ko‘paygan va ajralishlarning asosiy qismi — 14,1 ming holat yoki 60,6 foizi shahar joylarda sodir bo‘lgan.