07-08-2025 05:17
Ichki ishlar vazirligining patrul-post xizmati (PPX) 2025 yil 1 sentyabrdan yuridik shaxslar uchun pullik xizmatlar ko‘rsatishni boshlaydi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 30 iyuldagi 477-son qarorida belgilandi.
Yangi tartibga ko‘ra, fuqarolar ommaviy to‘planadigan joylarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash uchun PPX bilan shartnoma tuzish mumkin bo‘ladi. Bunday arizalarni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali yuborish mumkin. Hujjatlar 10 ish kunida ko‘rib chiqiladi.
Xizmatlar IIVning «Elektron patrul» axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Tariflar Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi. Shu bilan birga, mazkur xizmat mitinglar, namoyishlar va jamoat yig‘ilishlariga taalluqli emas.
Qaror Qonunchilik milliy ma’lumotlar bazasida e’lon qilingan va 2025 yil 31 iyuldan kuchga kirgan.