O‘zLiDeP “Musaffo havo – 2030” dasturini ilgari surmoqda
16.09.2024 17:16
O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi yangi Saylovoldi dasturida “Barcha hududlarda atmosfera havosini yaxshilash bo‘yicha “Musaffo havo – 2030 milliy dasturi”ni qabul qilish” taklifini ilgari surmoqda.
Partiya keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, havo sifati hozirda 117 mamlakatning 6000 dan ortiq shaharlarida monitoring qilinadi, sayyoramizning 99 foiz aholisi JSST tomonidan belgilangan maqbul sifat standartlaridan tashqari ifloslangan va ularning sog‘lig‘iga tahdid soladigan havodan nafas oladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zbekistonda tasodifiy bo‘lmagan o‘limlarning olti foiziga iflos havo sabab bo‘lmoqda.
"Xorij tajribasiga ko‘ra, bir qator rivojlangan davlatlarda atmosfera havosini yaxshilash bo‘yicha muvaffaqiyatli dasturlar mavjud. Masalan, Germaniyada “Clean Air Program” dasturi orqali yirik shaharlarda avtomashinalar uchun maxsus “qizil zona”lar joriy etilgan, AQSHda esa “Clean Air Act” qonunchiligi asosida sanoat chiqindilarini kamaytirish, yashil hududlarni ko‘paytirish tadbirlari amalga oshirilmoqda", — deya ta’kidlamoqda O‘zLiDeP.
Yuqoridagilarni hisobga olgan holda O‘zLiDeP yangi Saylovoldi dasturida “Barcha hududlarda atmosfera havosini yaxshilash bo‘yicha “Musaffo havo – 2030 milliy dasturi”ni qabul qilish” taklifini kiritmoqda. Partiyaning ta’kidlashicha, ushbu dastur ekologik holatni yaxshilashga, aholi salomatligini saqlashga va kelajak avlodlar uchun sog‘lom atrof-muhit yaratishga qaratilgan.