05-08-2025 05:57
2025-yil iyul oyi oxirida AQSH prezidenti Donald Tramp va Rossiya Xavfsizlik kengashi rais o‘rinbosari Dmitriy Medvedev ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zaro tanqidiy tortishuvga kirishdi. Tramp Medvedevni og‘ziga e’tiborli bo‘lishga chaqirib, uni «xavfli hudud»ga kirib borayotganlikda aybladi.
Javoban Medvedev Trampni «Yurayotgan o‘liklar» filmini qayta ko‘rishga va «O‘lik qo‘l» (SSSR davridagi yadroviy javob tizimi) haqida eslashga chaqirdi. Tramp esa bunga javoban ikkita atom suvosti kemasini «muvofiq mintaqalar»ga yuborishini ma’lum qildi.
Kreml bu tortishuvga javoban, Rossiya tashqi siyosati yuzasidan aniq bayonot berdi. Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov brifingda ta’kidlashicha, Rossiyada tashqi siyosiy pozitsiyani faqat Vladimir Putin belgilaydi.
«Ammo eng muhimi, shubhasiz, bu prezident Putinning mavqeidir. Mamlakatimizda tashqi siyosatni davlat rahbari, ya’ni Putin belgilaydi», deya ta’kidladi Kreml vakili.
Peskov, o‘z navbatida, bu vaziyatni xavfli eskalatsiya deb baholamadi. Ammo u yadroviy ritorikada ehtiyotkorlik saqlashni ham ta’kidladi. Kreml tomonidan bildirilishicha, bunday so‘z o‘yinlari tashqi siyosatga ta’sir qilmaydi.