Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari Federal Kanslerning Oʻzbekistonga tashrifi tarixiy ahamiyatga ega ekanini alohida
taʼkidladi.
- Buni koʻp qirrali Oʻzbekiston-Germaniya munosabatlarini yanada rivojlantirishga alohida eʼtiboringiz va Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlarni qoʻllab-quvvatlashingizning dalolati sifatida qabul qilamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari mehmonlarni Germaniya Federativ Respublikasi tashkil etilganining 75-yilligi va yaqinlashib kelayotgan Germaniya birligi kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
Muzokaralar davomida koʻp qirrali Oʻzbekiston-Germaniya munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Oʻtgan yili Berlinda oʻtkazilgan oliy darajadagi uchrashuvlar ikki mamlakat oʻrtasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirishga jiddiy turtki bergani taʼkidlandi.
Barcha darajalardagi aloqalar faollashdi. Oʻtgan yili tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard yevrodan oshdi. Germaniya biznesi bilan hamkorlik kengaymoqda - yil boshidan buyon mamlakatimiz iqtisodiyotiga Germaniya kompaniyalarining 800 million yevrolik investitsiyalari kiritildi.
Iyun oyida Toshkentda Oʻzbekiston-Germaniya Ishbilarmonlar kengashining sakkizinchi yigʻilishi muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
“KfW” banki va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining moliyaviy-texnik koʻmak loyihalariga yuqori baho berildi.
Oʻtgan yili Berlin shahridagi Yangi muzeyda Oʻzbekiston madaniy merosi koʻrgazmasining oʻtkazilishi madaniy sohada muhim voqea boʻlgani, unga Germaniya poytaxtining yarim milliondan ortiq aholisi va mehmonlari tashrif buyurgani taʼkidlandi.
Shu yil yozda Samarqand shahrida Ibn Sino va Genrix Shipperges nomidagi Tibbiyot fanlari oliy maktabi ochilgani ham mamnuniyat bilan qayd etildi.
Tomonlar parlamentlar, hukumatlar, tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasidagi faol aloqalarni davom ettirish tarafdori ekanliklarini bildirdilar.
Tashqi siyosat idoralariga Oʻzbekiston-Germaniya munosabatlari darajasini oshirish masalasini koʻrib chiqish, xalqaro va mintaqaviy muammolar, jumladan, Afgʻonistondagi vaziyat yuzasidan muntazam maslahatlashuvlar oʻtkazish topshirildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, EXHT, Yevropa Ittifoqi institutlari va boshqa koʻp tomonlama tuzilmalar doirasidagi faol hamkorlik davom ettiriladi.
Bugungi sammitga Sanoat va texnologiyalar boʻyicha strategik sheriklik dasturi tayyorlangani qayd etildi. Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari bilan umumiy qiymati qariyb 9 milliard yevro boʻlgan hamkorlik loyihalari ishlab chiqilmoqda.
Ular “yashil” energetika, kimyo sanoati, oʻta muhim xomashyoni oʻzlashtirish, mashinasozlik, toʻqimachilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa koʻplab yoʻnalishlarni qamrab oladi.
“Siemens Energy” kompaniyasi bilan mamlakatimiz hududlarida bugʻ-gaz elektr stansiyalarini qurish, “Linde Group” kompaniyasi bilan “metanol oroli” barpo etish va “yashil” ammiak ishlab chiqarish, “KfW Ipex-Bank” ishtirokida yirik mis konini oʻzlashtirish, “Giga Fiber” bilan mis qazib olish va kabel mahsulotlarini ishlab chiqarish, “AMK Global” bilan uglerod tolasi, “Guesscon” bilan qora qurum va vodorod ishlab chiqarish va boshqa koʻplab loyihalar eng muhim loyihalar sifatida qayd etildi.
Nasos tizimlarini mahalliylashtirish, qayta tiklanuvchi energetika, tibbiy buyumlar ishlab chiqarish, logistika markazlarini tashkil etish boʻyicha bir qator yangi loyihalar mavjud.
Ushbu loyihalarni tezlashtirish va qoʻllab-quvvatlash, investitsiyalarni ragʻbatlantirishning samarali vositalarini joriy etishga kelishildi.
Tashrif davomida oʻta muhim xomashyo resurslari va iqlim oʻzgarishi sohasidagi hamkorlik boʻyicha imzolanadigan bitimlarning ahamiyati taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Germaniya hukumati tashabbusi bilan tuzilgan Iqlim klubida ishtirok etishdan manfaatdor ekani taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari Germaniya tomoniga BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Trast jamgʻarmasini faollashtirish rejalarini amalga oshirishda asosiy hamkorlardan biri boʻlishni taklif etdi.
Germaniyaning ilgʻor tajribasi, bilim va texnologiyalarini jalb qilish, mutaxassislar salohiyatini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratgan holda, ushbu yoʻnalishlarda hamkorlik boʻyicha keng qamrovli dasturlar tayyorlashga kelishib olindi.
Transport va logistika, samarali quruqlik va havo yoʻlaklarini rivojlantirish, transport xarajatlarini kamaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston rahbari “Lufthansa” aviakompaniyasining mamlakatimizga toʻgʻridan-toʻgʻri parvozlarini qayta yoʻlga qoʻyish masalasini koʻrib chiqishni taklif etdi.
Oʻzbekiston va Germaniya hududlari oʻrtasidagi sheriklik munosabatlarini kengaytirish muhimligi qayd etildi. Yil boshidan buyon Germaniyaning ikkita federal oʻlkasi vakillari mamlakatimizga tashrif buyurdi. Yil oxirigacha Berlin, Bavariya va Tyuringiya delegatsiyalarining tashrifi kutilmoqda.
Tashrif davomida mehnat migratsiyasi sohasida shaffof va tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan bitim imzolangani mamnuniyat bilan taʼkidlandi.
Masʼul idoralar darajasida talab yuqori boʻlgan oʻzbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash va Germaniyaga yuborish boʻyicha amaliy hamkorlik “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish taklif etildi.
Germaniyaning dual taʼlim tizimini Oʻzbekiston hududlarida keng joriy etishga qiziqish bildirildi. Yetakchi universitetlar oʻrtasida taʼlim va ilmiy aloqalarni rivojlantirish uchun ikki mamlakat oliy oʻquv yurtlari forumini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.
Oʻzbekiston tomoni qoʻshma dasturlarni amalga oshirish, Germaniya oliy taʼlim muassasalarining fakultetlari va filiallarini ochish uchun barcha sharoitlarni yaratishga tayyorligini bildirdi.
Tashrif doirasida Boshqaruv kadrlarini tayyorlash qoʻshma maktabi ishga tushirilishi qayd etildi.
Oʻzbekiston Prezidenti yoshlarimizning nemis tiliga qiziqishi yuqori ekanini, bu tilni 300 mingga yaqin yigit-qiz oʻrganayotganini taʼkidladi. Yaqinda andijonlik maktab oʻquvchisi Rayyona Ibrohimova nemis tili boʻyicha Jahon olimpiadasida gʻolib boʻlgani bunga yorqin misoldir.
Germaniya tomoni mamlakatimiz hududlarida til oʻrganish va oʻqituvchilar tayyorlash dasturlarini kengaytirishga koʻmaklashishga tayyorligini bildirdi.
Madaniy hamkorlik boʻyicha aralash komissiya faoliyatini qayta tiklash taklif etildi.
Uchrashuv yakunida qabul qilingan qarorlar va imzolangan bitimlarni amalga oshirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi.