01-08-2025 05:05
31 iyul kuni Microsoft’ning aksiyalari savdo boshlanishi bilan 6,25 foizga oshdi va birjadagi qiymati 560 dollarga yetdi. Bu kompaniya tarixidagi eng yuqori narx hisoblanadi. Aksiyalar narxi kompaniyaning kvartallik hisoboti e’lon qilinganidan so‘ng keskin oshib ketdi. Hisobotdagi moliyaviy natijalar tahlilchilar kutganidan yuqori bo‘lib chiqdi.
Microsoft o‘zining bulutli xizmatlari, ayniqsa Azure platformasidan tushayotgan daromadlar keskin o‘sganini qayd etdi. Shuningdek, kompaniya sun’iy intellekt (AI) sohasiga 30 mlrd dollarlik rekord investitsiya kiritishini ma’lum qildi. Bu ma’lumotlar kompaniya aksiyalariga talabni yanada oshirdi.
Biroq savdo kuni oxiriga kelib, Microsoft aksiyalari biroz arzonlashdi va 535 dollarga tushdi. Bu kapitalizatsiyani qisman kamaytirdi, ammo kompaniya tarixidagi 4 trln dollar chegarasi ilk bor zabt etildi. Bu ko‘rsatkich Microsoft’ni dunyodagi ikkinchi eng qimmat kompaniyaga aylantirdi.
Tarixda ilk bo‘lib 4 trln dollarlik kapitalizatsiyaga erishgan kompaniya — bu Nvidia. U 9 iyul kuni ushbu natijani qayd etgan. Nvidia sun’iy intellektni o‘rgatish uchun zarur bo‘lgan grafik protsessorlarni ishlab chiqaradi. Microsoft esa ChatGPT’ni ishlab chiquvchi OpenAI kompaniyasining yirik investori sanaladi.
Hozirgi vaqtda Nvidia kompaniyasining umumiy qiymati 4,39 trln dollarga yetdi. Uchinchi o‘rinda esa Apple turibdi — 3,125 trln dollar. Amazon va Google’ga egalik qiluvchi Alphabet ham kuchli beshlikdan joy olgan. Facebook va Instagram’ni qamrab olgan Meta kompaniyasining kapitalizatsiyasi esa 1,9 trln dollarga teng.