31-07-2025 11:26
Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar 1 avgustdan e’tiboran Hindistonga nisbatan 25 foizlik eksport boji joriy etishini ma’lum qildi. U bu haqda Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirgan.
Amerika rahbari Hindistonni «do‘st» deb atagan bo‘lsa-da, u mamlakat tovarlariga qo‘yiladigan boj stavkalari jahondagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lishini aytdi.
«Garchi Hindiston bizning do‘stimiz bo‘lsa-da, biz ko‘p yillar davomida u bilan nisbatan kichik savdo hajmlariga ega bo‘ldik, chunki uning bojlari haddan tashqari yuqori – dunyodagi eng yuqorilaridan biri, shuningdek, u barcha mamlakatlar o‘rtasida qattiq va yoqimsiz nomonitar savdo to‘siqlarini o‘rnatadi», – degan Tramp.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston «o‘z harbiy texnikalarining katta qismini Rossiyadan sotib olgan hamda Xitoy bilan birgalikda Rossiya energiya tashuvchilarining eng yirik xaridori hisoblanadi – «butun dunyo Rossiyaning Ukrainadagi qotilliklarni to‘xtatishini istayotgan bir paytda esa, bu ishlar yaxshi emas».
«Shuning uchun Hindiston 1 avgustdan yuqoridagilar uchun 25 foizlik tarif va jarima to‘laydi», – deb yozgan Tramp.
U Hindiston uchun jarima yuzasidan boshqa tafsilotlarni keltirmadi.
Iyul oyi o‘rtalarida Donald Tramp Moskva Kiyev bilan 50 kun ichida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishmasa, AQSH Rossiya va uning savdo hamkorlariga nisbatan boj joriy etishi bilan tahdid qilgandi. Keyinchalik u bu muddatni 10 kungacha qisqartirdi. Shu bilan birga, Tramp bu cheklovlar Rossiyaga ta’sir qilish-qilmasligini bilmasligini aytgan.
Hindiston neft vaziri Xardip Singh Puri agar Rossiya energetikasiga ikkilamchi sanksiyalar qo‘llansa, Hindiston o‘zining neftga bo‘lgan ehtiyojini muqobil manbalardan qondira olishini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston Rossiya importi bilan bog‘liq har qanday muammoni boshqa mamlakatlardan yetkazib berish orqali hal qilishi mumkin.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda AQSH va Hindiston o‘rtasidagi savdo hajmi 190 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lib, savdo kamomadi 45,8 mlrd dollar bo‘lgan. Tomonlar o‘zaro savdo hajmini 500 mlrd dollarga yetkazishni maqsad qilgan.