Ma’lum qilinishicha, Sirdaryoda homilador ayol farzandini dunyoga keltirgandan so‘ng, uning ahvoli yomonlashgan. Shifokorlar bemorga e’tibor qilmagan va oqibatda ayol hayotdan ko‘z yumgan.
Holat yuzasidan mazkur sud ishi JIB Guliston shahar sudida ko‘rib chiqildi. Bu haqda "Markaziy studiya" ko‘rsatuvi xabar qildi.
Sud majlisida marhumaning ukasi opasining o‘limida shifokor va hamshiraning aybdorligini aytib, ularga qonuniy chora ko‘rilishini so‘radi.
"Qizim 30 yoshda edi. Uchinchi bolasini tug‘ish uchun shifoxonaga borgandi. Qizim 7 soat davomida qarovsiz qolgan. O‘lganini aytishmadi, kechqurun o‘lgan ekan",- deydi marhumaning onasi.
Ekspertiza xulosasida, ayolning o‘limi o‘tkir qon yo‘qotish oqibatida yuzaga kelganligi, o‘z vaqtida kerakli tibbiy yordam ko‘rsatilishi va asoratlarining oldi olinishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, akusher-ginekolog JKning 116-moddasi 3 qismi bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 2 yil muddatga muayyan huquqdan ya’ni har qanday tibbiy muassasalarda tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum etilib, 2 yil 2 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.