31-07-2025 12:51
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik hamda 1-sinf o‘quvchilariga beriladigan Prezident sovg‘alarini hududlarga yetkazish jarayonlariga bag‘ishlangan press-tur tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, 2025-2026-o‘quv yilida mamlakatimizdagi mavjud 10 ming 170 tadan ortiq umumta’lim maktabida 6,7 million nafar o‘quvchi ta’lim olishni boshlashi kutilmoqda. Shuningdek, yangi o‘quv yilida respublikada 30 dan ortiq yangi maktab o‘z faoliyatini boshlaydi.
Joriy yilda ijtimoiy ishlab chiqarish dasturlari va boshqa manbalar hisobidan 379 ta maktabda qurilish va ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Buning natijasida 112 mingga yaqin o‘quvchi o‘rni yaratilishi, 73 mingtadan ortiq o‘rinli o‘quv binolari mukammal ta’mirlanishi rejalashtirilgan.
Yangi o‘quv yilida 738 ming nafar bola 1-sinfga kelishi kutilmoqda hamda bugungi kunga qadar 590 ming nafar bola maktabga qabul qilindi. Qabul jarayonlari 15-avgustga qadar davom etadi. 1-sinfga qabul qilinayotgan bolajonlar uchun 12 nomdagi o‘quv qurollari Prezident sovg‘asi sifatida tayyorlandi.
Ayni vaqtda ushbu o‘quv qurollarini vazirlik huzuridagi “Ta’lim-ta’minot va logistika” xizmati tomonidan joylardagi maktablarga yetkazish jarayoni boshlandi. Xususan, 1-10-avgust kunlari hududlarga, 10-20-avgust kunlari maktablarga yetkaziladi.
Prezident sovg‘asi sifatida tayyorlangan ushbu o‘quv qurollari “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlaridan so‘ng bolajonlarga tantanali ravishda topshiriladi. 1-sinfga qabul qilinayotgan har bir bolani Prezident sovg‘asi bilan o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida vazirlikning adm.maktab.uz elektron platformasi orqali maktablar kesimida bolalarning ro‘yxati nomma-nom shakllantirildi.
Press-tur tadbirlari doirasida 2025-2026-o‘quv yilidan poytaxtimizdagi 12 ta (har bir tumanda 1 tadan) maktabda joriy etilayotgan Toshkent tajribasi loyihasi xususida ham batafsil ma’lumot berib o‘tildi. O‘quvchilarning sifatli bilim olishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan ushbu loyiha doirasida o‘quvchilar va ularning ota-onalari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkaziladi hamda har bir maktabda 5-11-sinflar bo‘yicha 1 tadan sinf tanlab olinadi va o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilinadi.
Ushbu sinflarga tabiiy va amaliy yo‘nalishdagi 10 ta fandan (davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlarida belgilangan soatlardan tashqari) 1-3 soatgacha qo‘shimcha dars mashg‘ulotlari o‘tiladi. Natijada maktabning har bir 7-11-sinflarida haftasiga 16 soat qo‘shimcha dars mashg‘ulotlari o‘tiladi.
Ajratilgan 5 ta 7-11-sinflar uchun kunning ikkinchi yarmida 10 ta fan doirasida haftasiga 2 soatdan to‘garak mashg‘ulotlari tashkil etiladi. Dars mashg‘ulotlarini olib borish uchun oliy toifali yoki xalqaro va milliy sertifikatga ega bo‘lgan o‘qituvchilar, oliy va nodavlat ta’lim muassasalarining tajribali mutaxassislari tanlov asosida jalb etiladi. Ushbu mutaxassislar Toshkent shahar hokimligi tomonidan qo‘shimcha rag‘batlantiriladi.
Loyiha doirasida 5-11-sinf o‘quvchilari uchun fan to‘garaklari va sport seksiyalari, 1-11-sinf o‘quvchilari uchun robototexnika, kompyuter savodxonligi, hunarmandchilik yo‘nalishlarida hamda “Yosh dasturchilar”, “Yosh kitobxon”, “Turon” maktab teatri, “Yosh musavvir” to‘garaklari tashkil etiladi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun kuni uzaytirilgan guruhlar tashkil etiladi hamda o‘quvchilarning darsda olgan bilimlarini mustahkamlash va uy vazifalarini tushuntirib berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Ushbu tadbirlarni samarali tashkil etish uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan robototexnika xonasi, VR – virtualreality xonalari yangidan tashkil etiladi hamda texnologiya, informatika xonalari, fizika, kimyo-biologiya laboratoriyalari zamonaviy jihozlar va xom ashyolar, maktab kutubxonasi badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanadi.
Press-tur doirasida yangi o‘quv yilidan boshlab tashkil qilinayotgan 208 ta (barcha tuman (shahar)da bittadan) “Jasorat maktablari” faoliyati xususida ham atroflicha ma’lumot berib o‘tildi.
Aytilganidek, joriy o‘quv yilida ilk bor 5 ming 408 nafar o‘quvchi “Jasorat maktablari”ga qabul qilinadi. Iyul oyida o‘tkazilgan ikki bosqichli (test va jismoniy tayyorgarlik) saralash imtihonlarida 18 ming 441 nafar (13 ming 206 nafari o‘g‘il bola, 5 ming 235 nafari qiz) nomzod ishtirok etdi.
“Jasorat maktablari”ni tashkil etishdan maqsad o‘quvchi-yoshlarni Vatanga cheksiz sadoqat ruhida, jismonan sog‘lom va ma’naviy yetuk insonlar qilib tarbiyalash, ularga matematika, CHQBT, tarix, jismoniy tarbiya, chet tili, fizika fanlarini chuqurlashtirilgan holda o‘qitishdan iboratdir.
Avgust oyida ushbu fanlar o‘qituvchilarining kasbiy salohiyatini oshirish maqsadida Pedagogik mahorat markazlarida 36 soatlik o‘quv kurslari tashkil etiladi.