31-07-2025 08:51
FZT bayonotida ta’kidlanishicha, stavkada o‘zgarish bo‘lmagan holda qoldirish qarorini bir ovozdan qabul qilingan. 30 iyul kuni bozorlarda bu ehtimol 96,9 foiz etib baholangan, ya’ni qariyb barcha bozor ishtirokchilari ushbu ssenariyni kutgan. 3,1 foiz qolganlar esa stavka 0,25 foiz bandga pasayishi mumkinligini taxmin qilgan.
Reuters so‘rovi natijalariga ko‘ra, 105 nafar iqtisodchidan 100 nafari aynan shunday qaror kutayotganini bildirgan. Biroq tahlilchilar FZTning keyingi qarorlariga siyosiy ta’sir ortib borayotganini ham qayd etgan. Ayniqsa, Tramp tomonidan tayinlangan FZT a’zolari Kris Uoller va Mishel Bouman stavkalarni iyuldayoq pasaytirishni taklif etgani tanqidlarga sabab bo‘ldi.
Rabobank bankining AQSH bo‘yicha bosh strategi Filip Marey fikricha, FZT mustaqilligi xavf ostida. Unga ko‘ra, Bouman va Uollerning so‘nggi fikrlari boshqa a’zolar qarashidan keskin farq qilgan.
Shu bilan birga, 30 iyul kuni AQSH iqtisodiyoti bo‘yicha yangi ma’lumotlar e’lon qilindi. AQSH Byudjet tahlillari byurosi ma’lum qilishicha, 2025-yilning ikkinchi choragida YAIM o‘sishi 3 foizni tashkil qilgan. Bu birinchi chorakdagi 0,5 foizlik pasayishdan so‘ng juda sezilarli ko‘tarilishdir.
AQSH prezidenti Donald Tramp bu natijalarni «ko‘zlanganidan ancha yaxshiroq» deb baholadi va yana bir bor FZT raisi Jerom Pauellni stavka tushirishga chaqirdi.
FZTning kelgusi yig‘ilishi 16–17 sentyabrda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Reuters so‘roviga ko‘ra, 105 iqtisodchidan 56 nafari shu sanada foiz stavkasi pasayishini kutayotganini bildirgan.