31-07-2025 08:45
2025-yil 29 iyulda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan, Maktbacha va maktab ta’limi vazirligi tizimidagi dam olish maskanlariga dam oluchilarni qabul qilish tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, vazirlik tizimida faoliyat yurituvchi pedagoglar va davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalaridagi 7–14 yoshli iqtidorli o‘quvchilar 12 kunlik bepul dam olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yo‘llanmalar maxsus mezonlar asosida saralab beriladi. Ilg‘or o‘qituvchilar sentyabrdan maygacha, iqtidorli o‘quvchilar esa iyundan avgustgacha dam oladilar.
Pedagog kadrlar orasida:
— xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;
— o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;
— xorijiy til va STEAM fanlaridan mutaxassisligi bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga ega o‘qituvchilar (TESOL Level 5, SEFR B2, IYELTS 6 va undan yuqori, shuningdek, vazirlik tomonidan belgilanadigan boshqa sertifikatlar);
— asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;
— respublika bosqichidagi ko‘rik-tanlovlarda faxrli o‘rinlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar;
— oliy va birinchi malaka toifasiga ega boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari;
— asosiy olimpiadalarning viloyat bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar.o‘qituvchilar ishtirok etadi.
Maskanlarda dam oluvchi iqtidorli o‘quvchilar (7-14 yosh) quyidagi mezonlar asosida tanlab olinadi:
— asosiy olimpiadaning uchinchi va to‘rtinchi bosqichlarida fanlar kesimida 1-, 2-, 3-o‘rinlarni egallagan o‘quvchilar;
— mintaqaviy xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;
— nufuzli xalqaro olimpiadalarda ishtirok etgan o‘quvchilar;
— xalqaro tanlov, festival va musobaqa g‘oliblari;
— respublika darajasidagi tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan turli ko‘rik-tanlovlar va musobaqalarning respublika bosqichi g‘oliblari.
Qaror 2025-yil 30-iyuldan kuchga kirdi va dam olish maskanlarida:
— ma’naviy-ma’rifiy, ko‘ngilochar, sog‘lomlashtirish, sport, o‘quv va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida;
— iqtidorli o‘quvchilarning turizm, sport, texnika, kitobxonlik, madaniyat va san’at yo‘nalishlaridagi qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida turli xil tadbirlar tashkil etiladi.