31-07-2025 07:45
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, yangilangan Yandex Search o‘zbek tilidagi so‘rovlarni chuqurroq tushunib, tegishli ma’lumotni neyron tarmoqlar orqali shakllantirilgan chat javobi sifatida ko‘rsatadi. U rus va ingliz tillaridagi kontentni ham o‘zbek tiliga avtomatik tarjima qilish qobiliyatiga ega.
Ayni paytda Yandex Uzbekistan platformasi orqali Wikipedia, Stack Overflow va boshqa muhim manbalardan olingan 11,6 milliondan ortiq matn o‘zbek tilida foydalanish uchun ochiq qilingan. Bu foydalanuvchilar uchun muhim axborotlarni o‘z tilida tez topish imkonini yaratadi.
Foydalanuvchi endi yandex.uz saytida qidiruvni oddiy so‘rov orqali emas, balki chat shaklida amalga oshirishi va javobni veb-sayt havolalari yuqorida olishi mumkin. Agar so‘rovda aniq javob berish imkoni bo‘lsa, neyroset turli manbalarni tahlil qilib, yagona, foydali javob shakllantiradi.
Yangi funksiyada javoblar bilan birga manba havolalari ham ko‘rsatiladi. Bu esa foydalanuvchiga ma’lumotni tekshirish va kengroq tahlil qilish imkonini taqdim etadi. “Yandex AI” tugmasi orqali esa har qanday so‘rovda neyron tarmoqlar asosida javob olish imkoni mavjud.
Ma’lumot uchun, Yandex Uzbekistan 2018 yildan beri mamlakatda faoliyat yuritib, navbatma-navbat yangi raqamli yechimlarni joriy etmoqda.