O‘qituvchilarni ovoz yig‘ishga majburlagan direktor jazolandi
11.09.2024 09:17
Buxoro viloyatining Romitan tumanida o‘qituvchilarni “Tashabbusli budjet” loyihasiga ovoz yig‘ishga majburlagan maktab direktori 34 million so‘m jarimaga tortildi. Bu haqda Senatning Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiyasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, komissiya tashabbusi bilan ijtimoiy tarmoqlarda “Tashabbusli budjet” uchun ayrim soha vakillarining ovoz yig‘ish ishlariga jalb qilinganligi holatlari atroflicha o‘rganilgan.
Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan olib borilgan o‘rganish natijalari bo‘yicha Romitan tumanidagi 18-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori tomonidan maktab o‘qituvchilarini lavozim yo‘riqnomasiga kirmaydigan “Tashabbusli budjet” loyihasiga ovoz yig‘ishga majburan jalb qilgani aniqlangan.
Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi bilan BHMning 100 baravari — 34 milliy so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgan.