Bosh prokuratura huzuridagi Departament energiya resurslariga noqonuniy ulanish holatlari fosh etdi. Bu haqda Departamentning matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlum boʻlishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyati boshqarmasi va Qamashi tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda noqonuniy harakatlarni aniqladi.
Qayd etilishicha, Koson tumanidagi “B.I.” fermer xoʻjaligi rahbari A.F. hamda Qamashi tumanidagi “P.S.” fermer xoʻjaligi rahbari S.P. xoʻjalikning elektr suv nasoslarini tijorat maqsadida tarmoqqa oʻzboshimchalik bilan ulab, jami 349,2 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
“Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda”, deyiladi xabarda.