Toshkent, Sirdaryo va Namangan viloyatlari oʻzaro yer almashadi
05.09.2024 17:32
Toshkent viloyatiga ikki qoʻshni viloyat hududidan 350 gektarga yaqin yer oʻtkaziladi. Bu boradagi qaror loyihasi xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi tomonidan maʼqullandi.
Toshkent viloyatining Sirdaryo va Namangan viloyatlari bilan chegaradosh ayrim hududlarida hududlararo chegaralarni tenglashtirish maqsadida hududiy oʻzgartirishlar kiritilishi rejalashtirilmoqda.
Bu haqda xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida Toshkent viloyati Kadastr boshqarmasi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasi taqdimoti chogʻida maʼlum qilindi, deb xabar beradi poytaxt viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Loyihaga koʻra, quyidagi oʻzgartirishlar taklif etiladi:
Sirdaryo viloyatining 5 ta (Sirdaryo, Sayxunobod, Guliston, Boyovut tumanlari va Shirin sh) hududidan 310,4 gektar yer maydoni Toshkent viloyati hududiga oʻtkaziladi;
Toshkent viloyatining 6 ta tumanidagi (Chinoz, Quyichirchiq, Oqqoʻrgʻon, Boʻka, Bekobod tumanlari va Bekobod shahri) hududidan 347,2 gektar yer maydoni Sirdaryo viloyati hududiga oʻtkaziladi;
Namangan viloyatining Pop tumanidagi 38,8 gektar yer Toshkent viloyatiga oʻtkaziladi;
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi 26,3 gektar yer maydoni Namangan viloyatiga oʻtkaziladi.
Mazkur qaror loyihasi deputatlar tomonidan maʼqullandi.