21-07-2025 11:44
Ma’lumot uchun: mazkur hisobot SDSN tomonidan mustaqil baholash asosida tayyorlanib, Barqaror rivojlanish maqsadlari (SDG) sohasida mamlakatlarning taraqqiyot darajasini yillik asosda aniqlab boradi.
Ushbu tarmoq Kolumbiya universiteti professori va BMT Bosh kotibining BRM bo‘yicha maslahatchisi professor Jeffrey Sachs tomonidan tashkil etilgan.
O‘zbekiston joriy yilda 2024-yilga nisbatan 19 pog‘ona yuqoriladi va Markaziy Osiyo hamda Sharqiy Yevropa mamlakatlari orasida 2015-yildan beri eng tez o‘sayotgan mamlakat sifatida e’tirof etildi, deyiladi Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotida.
Joriy yilning 24-iyun kuni mazkur Hisobotning onlayn taqdimoti o‘tkazilib, unda professor Jeffrey Sachs, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev, Afrika taraqqiyot banki vitse-prezidenti Kevin Chika Urama, Tsinxua universiteti professori Devid Li, Pensilvaniya universiteti professori Eugenie Birk, SDSN vitse-prezidenti Guillaume Lafortune va boshqa nufuzli xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida vazir o‘rinbosari Umid Obidxo‘jayev O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida amalga oshirilgan islohotlar va mavjud milliy moliyaviy mexanizmlarga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, global moliyaviy tizimni isloh qilish, past va o‘rta daromadli mamlakatlar uchun uzoq muddatli va qulay moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Professor Jeffrey Sachs o‘z nutqida quyidagilarni ta’kidladi:
“Barqaror rivojlanishga erishishda eng birinchi navbatda mamlakatdagi siyosiy yetakchilik muhim ahamiyat kasb etadi. Bunda nafaqat ichki va tashqi resurslarni yo‘naltirish, balki ularning samaradorligini ta’minlash zarur.”
Xususan, professor Jeffrey Sachs hamda Afrika taraqqiyot banki vitse-prezidenti Kevin Chika Urama O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Bunda siyosiy irodaning mustahkamligi va qat’iy yetakchilik asosiy omil sifatida alohida ta’kidlandi. Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha erishilgan natijalarga xalqaro ekspertlar alohida e’tibor qaratdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan institutsional va tarkibiy islohotlar, jumladan, kambag‘allikni qisqartirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ijtimoiy himoya va munosib ish o‘rinlarini yaratish, sog‘liqni saqlash va ta’lim sifatini oshirish, gender tenglikni ta’minlash, shuningdek, raqamli va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish hamda statistika sohasida ochiqlikni mustahkamlash yo‘nalishlarida amalga oshirilgan keng qamrovli chora-tadbirlar O‘zbekistonning barqaror rivojlanish global indeksida yuqori o‘sishiga asosiy turtki bo‘ldi va xalqaro miqyosda yuksak e’tirof etilmoqda.