Kecha, 4-sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Majburiy ijro byurosi elektron bazasida 90 million soʻm qarzi boʻlgan Qishloq xoʻjaligi vazirligi BMTning yordam pulidan qiymati salkam 700 million soʻmlik «KIA Carnival” mashinasini sotib oldi» sarlavhasi ostida xabarlar tarqatildi.
MIB matbuot kotibi Farrux Toshpoʻlatovning maʼlum qilishicha, xabarda undiruvchi vazirlik, qarzdor sifatida notoʻgʻri talqin qilingan.
Unga koʻra, Jinoyat ishlari boʻyicha Andijon tuman sudining joriy yilning 29-iyulidagi ijro varaqasiga asosan, fuqaro Sh.Yu. tomonidan jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni qoplash uchun Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti Andijon viloyati hududiy filialining “Agrobank” Andijon viloyat boshqarmasi hududiy filialidagi depozit hisob raqamiga topshirilgan 85 308 217 soʻm pullar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining maxsus hisob raqamiga oʻtkazilishi belgilangan.
“Bundan koʻrinib turibdiki, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi qarzdor emas, undiruvchi sifatida ijro hujjatida nomi koʻrsatib oʻtilgan”, – deydi Farrux Toshpoʻlatov.
MIB matbuot kotibi shuningdek, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan asossiz va har tomonlama oʻrganilmagan xabarlarni tarqatmaslikni, bunday holatlar tegishli tartibda javobgarlikka sabab boʻlishini eslatib oʻtdi.