Davlat bogʻchalarida davomat olish raqamlashtiriladi
04.09.2024 21:54
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4-sentyabr kuni maktabgacha taʼlimni rivojlantirish, iqtidorli yoshlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Unda aytilishicha, ilgʻor xorijiy tajribada bolalarning aqliy va kognitiv salohiyati, jismoniy, ruhiy, ijtimoiy holati doimiy kuzatilib, tarbiya yoʻnaltiriladi. Shundan kelib chiqib, Maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimida “Bolaning rivojlanish xaritasi”ni yuritish vazifasi qoʻyilmoqda.
Shuningdek, taqdimot davomida bugungi kunda davlat bogʻchalarida davomat, oziq-ovqat xarajatlari qogʻoz shaklida toʻldirilayotganiga eʼtibor qaratildi. Endilikda biometrik identifikatsiya qilish texnologiyasini qoʻllagan holda hisobotlarni raqamlashtirish talabi qoʻyilayotgani bildirildi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari takliflarni yanada sinchiklab oʻrganib, har tomonlama takomillashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.