17-07-2025 11:17
Iqtisodiyot va moliya vazirining buyrug‘i (14.07.2025 y. AV ro‘yxat raqami 3649) bilan Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyoti tasdiqlandi.
Hujjat Prezidentning 05.03.2025-yildagi "Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi PF-43-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan.
Ommaviy baholash Kadastr agentligi huzuridagi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tomonidan o‘tkaziladi.
Ommaviy baholashni o‘tkazish tartibi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
obyektlar qiymatini aniqlash uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni, shu jumladan ko‘chmas mulk bozori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish;
ommaviy baholanishi lozim bo‘lgan obyektlarni guruhlash;
narx va baholash bo‘yicha ko‘chmas mulk bozori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qilish asosida obyektlarni segmentlash yo‘li bilan ommaviy baholanishi lozim bo‘lgan hududlarni zonalashtirish;
narxni shakllantiruvchi omillarni va ularning obyektlar qiymatini aniqlashga ta’sir darajasini (koeffitsiyentini) aniqlash;
obyektlar qiymatini aniqlash;
ommaviy baholash natijalarini tasdiqlash.
Ommaviy baholashni bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilmoqda:
2025-2026-yillarda – tajriba tariqasida Toshkent shahrida;
2026-2027-yillarda – Nukus shahri va viloyat markazlarida;
2027-yil va undan keyingi yillarda – qolgan hududlarda.
Quyidagi ma’lumotlar olinadi va tahlil qilinadi:
narxni shakllantiruvchi omillar;
elektron savdo maydonchalari, shu jumladan obyektlarni sotish va ijaraga berish, shuningdek, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalar bo‘yicha tashkilotlarda tuzilgan notarial tasdiqlangan bitimlar to‘g‘risidagi e’lonlar, shuningdek, tijorat banklari va boshqa kredit tashkilotlarining obyektlarning garov qiymatini o‘z ichiga olgan ma’lumotlari;
turli baholash yondashuvlari doirasida obyektlar qiymatini aniqlash uchun zarur bo‘lgan boshqa ma’lumotlar.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 14.07.2025-yildan kuchga kirdi.