17-07-2025 11:06
Hujjatda samarali va xalqchil islohotlarni amalga oshirishda keng jamoatchilik, xususan, malakali mutaxassislar, yoshlar, tadbirkorlar, faol fuqarolar va yurtdoshlarimizning ishtirokini qo‘llab-quvvatlash choralari belgilangan.
Maqsad – mamlakat raqobatbardoshligini oshirish, yangi texnologiyalar va ilm-fan yutuqlarini joriy etish.
Buning uchun istiqbolli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida aholining keng qatlamlari bilan ochiq muloqot platformasi yaratiladi hamda zamonaviy, ilg‘or g‘oyalar va istiqbolli tashabbuslarni saralab olishning samarali mexanizmlari joriy etiladi.
2025-yildan boshlab har yili "Kelajak uchun" istiqbolli tashabbuslar forumi o‘tkazib boriladi. Forumni o‘tkazishning ustuvor yo‘nalishlari har yili Tashkiliy qo‘mita tomonidan belgilanadi. U Forumga umumiy tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan shug‘ullanadi, istiqbolli tashabbuslarni esa Mentorlar kengashi baholaydi.
Strategik islohotlar agentligi Forumga kelib tushgan istiqbolli tashabbuslarning yagona ro‘yxatini shakllantirib, maxsus kraud-platformaga joylashtiradi.
2025-yilda Forumni o‘tkazish xarajatlari Strategik islohotlar agentligining Qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi, 2026-yildan boshlab esa Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.
Forumda ma’qullangan istiqbolli tashabbuslarni tijoratlashtirish va moliyalashtirish uchun "Biznesni rivojlantirish banki" ATB va boshqa tijorat banklari, shuningdek, Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mas’ul hisoblanadi.
Eng dolzarb istiqbolli tashabbuslar O‘zbekiston Prezidenti ishtirokida o‘tkaziladigan Forumning yalpi sessiyasida muhokama qilinadi.
Istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirish uchun kredit va grantlar ajratiladi, soliq va bojxona imtiyozlari beriladi, boshqa rag‘batlantiruvchi choralar qo‘llaniladi.
Ikki oy muddatda Forumda ishtirok etish istagida bo‘lgan shaxslarni ochiq elektron ro‘yxatdan o‘tkazish, so‘rovnomalarni to‘ldirish, istiqbolli tashabbusning profili, kun tartibi, ishtirok etish shartlari to‘g‘risida ma’lumot olish uchun kraud-platforma yaratiladi.bnee: