16-07-2025 13:39
Mutassaddilar ma’lum qilishicha, quyosh urishi asosan ochiq havoda quyosh nurlari to‘g‘ridan to‘g‘ri tushganda ro‘y beradi. Biroq uning ta’siri 6-8 soatdan keyin ham kuzatilishi mumkin.
Shu bois aholiga quyidagi tavsiyalar beriladi:
Iloji boricha soat 10:00 dan 17:00 gacha quyosh to‘g‘ridan to‘g‘ri tushadigan joylarda yurmang.
Faqat tabiiy matodan — paxta, kendir kabi matolardan tayyorlangan yengil kiyimlar kiying.
Yorqin rangli, yengil bosh kiyim va quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynak taqing.
Suv ichishda me’yorga rioya qiling — ko‘p suvni birdaniga ichish yurakka ortiqcha yuklama beradi. Tavsiya etiladigan ichimliklar: damlangan choy, turli sharbatlar, mineral suv. Albatta, uydan chiqqanda suvni o‘zingiz bilan olib yuring.
Quyoshdan himoya qiluvchi kremlardan foydalaning.
Quyoshda bo‘lib qaytgach, albatta dush qabul qiling yoki ho‘l sochiq bilan arting.
Och qoringa yoki ovqat yeb bo‘lgandan so‘ng darhol quyosh ostida qolmang.
Quyosh yoki issiq urishi belgilari:
Darmonsizlik, charchoq, bosh og‘rig‘i va qattiq chanqash.
Bosh aylanishi, quloqlarda shovqin, butun tanada og‘riq, yurak urishi va nafas olish tezlashishi.
Ba’zida ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ortiqcha terlash yoki aksincha, ter chiqmasligi.
Og‘ir holatlarda hushdan ketish, tutqanoq yoki gallyutsinatsiya kuzatilishi mumkin.
Quyosh yoki issiq urganda birinchi yordam:
Bemorni darhol soya yoki salqin joyga olib o‘tib, chalqancha yotqizing, boshini biroz ko‘taring.
Kiyimini yengil qiling, havo aylanishi uchun sharoit yarating.
Agar hushida bo‘lsa, oz-ozdan sovuq suv yoki damlangan choy ichiring (suvga yarim litrga yarim chay qoshiq tuz solish mumkin).
Boshiga yoki tana qismiga sovuq nam sochiq qo‘ying.
Qo‘ltiq osti, chov yoki tizza orqasiga muz yoki sovuq suv to‘ldirilgan idish qo‘yish mumkin.
Og‘ir holatlarda bemorni yaqin shifoxonaga olib borish yoki tez yordam chaqirish zarur.
Mutasaddilar eslatadi: quyosh urishida yordamni o‘z vaqtida va to‘g‘ri ko‘rsatish inson hayotini saqlab qolishi mumkin.